“Yoz – 2026” mavsumi yakunlari sarhisob qilindi
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida “NKMK” AJ, NKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi hamda “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi hamkorligida yozgi mavsum yakuniga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda “Yoz – 2026” mavsumining yakunlari sarhisob qilinib, eng namunali oromgohlar aniqlandi.
“Yoz – 2026” mavsumi joriy yil 6-iyundan start oldi. Puxta reja va yuksak mas’uliyat bilan tashkil etilgan mavsum davomida 11 ta oromgohda 4 mavsumda jami 12 ming 422 nafar bola sog‘lomlashtirildi. Shundan 6 ta statsionar oromgohda 11 mingdan ortiq bola dam olgan bo‘lsa, shahar ichidagi oromgohlar hamda mehnat va dam olish maskanlarida ham yuzlab bolalar maroqli hordiq chiqardi.

– Mavsum davomida eng ustuvor vazifamiz bolalarning hayoti, salomatligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratildi, – deydi “NKMK jamg‘armasi” DM 7-sonli Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Mo‘mina Nurimova. – Har bir oromgohda malakali tibbiyot xodimlari tunu kun navbatchilik qildi, tez tibbiy yordam avtomashinalari biriktirildi. Oziq-ovqat mahsulotlari sifati, tayyorlanadigan taomlarning xavfsizligi va ichimlik suvi holati doimiy nazorat ostida bo‘ldi. Eng muhimi, mavsum davomida birorta ham zaharlanish, yuqumli kasallik yoki favqulodda holat qayd etilmadi. Oromgohlarimizda yuzdan ortiq pedagog va murabbiy faoliyat olib borib, bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Bolalar sport bilan shug‘ullandi, ijod qildi, yangi bilimlarni egalladi. “Shaxmat”, “Kulolchilik”, “Kompyuter savodxonligi”, “Til o‘rganamiz”, “Kitobxonlar” kabi to‘garaklar yoshlarning qiziqishlarini rivojlantirib, ularning iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qildi. Shuningdek, “Yosh qutqaruvchi”, “Zakovat”, “Quvnoq startlar”, “Do‘stlik haftaligi” kabi tadbirlar tashkil etildi.
Ko‘rik-tanlov natijalariga ko‘ra, o‘zining 65 yilligini keng nishonlagan Navbahor tumanining Sarmishsoy darasida joylashgan “Sarmish” oromgohi 1-, Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida joylashgan “Bolajon” oromgohi 2- va Bo‘stonliqdagi Chorvoq suv havzasi bo‘yida joylashgan “Pahlavon” oromgohi esa 3-o‘rinni egalladi.

Tadbir davomida eng faol oromgohlar va tashkilotchilar munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri