Hududlardagi masalalar yaqindan o‘rganilmoqda
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, joylardagi muammolarni aniqlash va bartaraf etishda xalq vakillarining joylardagi o‘rganishlari, tuman va mahallalarda olib borayotgan faoliyati alohida ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov Xorazm viloyatining Urganch tumanida ijtimoiy soha ob’ektlarini o‘rganmoqda, saylovchilar, aholi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
U.Inoyatov dastlab tumandagi 38-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib, rekonstruksiya ishlarining borishi bilan tanishdi. 1000 nafardan ziyod o‘quvchi ta’lim oladigan ushbu maktab deputatlik ovozi bilan “Tashabbusli byudjet” doirasida to‘liq kapital ta’mirlanmoqda. Mutasaddilarga belgilangan reja-grafik bo‘yicha ta’mirlash ishlarini sifatli hamda o‘z vaqtida amalga oshirish, yangi o‘quv yili uchun tayyorgarlik jarayonlarini samarali tashkil etish masalalari yuzasidan taklif-tavsiyalar berildi.
Tumandagi “Arboblar” mahallasida “mahalla yettiligi” bilan muloqot o‘tkazilib, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, o‘z ishini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqarolarga har tomonlama qulay sharoit yaratish yo‘nalishlaridagi ishlar tahlil qilindi.
Uchrashuvlar davomida mahalla vakillarining murojaatlari tinglanib, mahalliy Kengash deputatlari hamda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ularni hal etish choralari belgilandi.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi deputati Durbek Ahmedov ham Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi mahallalarda, ijtimoiy-iqtisodiy ob’ektlarda bo‘lib, aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazmoqda. Hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy ob’ektlardagi o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
M.Komilova, O‘zA