Hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi o‘rganildi
Hududlarda aholi turmush darajasini yaxshilash, ekologik muhitni sog‘lomlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar uchun zamonaviy imkoniyatlar yaratish borasidagi ishlarni o‘rganish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Botirali Shodiyev Navoiy viloyatining Qiziltepa va Karmana tumanlarida bo‘ldi.
O‘rganishlar davomida bir qator mahallalar, ijtimoiy ob’ektlar, ishlab chiqarish korxonalari hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ko‘zdan kechirildi.

Qiziltepa tumanidagi Malikobod mahallasida joylashgan “Yangi O‘zbekiston” massivida qurilgan 200 xonadonli ko‘p qavatli uylar zamonaviy qiyofasi va ekologik yondashuvi bilan ajralib turadi. Eng e’tiborlisi, massiv hududining qariyb 30 foizi yashil hudud sifatida tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda manzarali daraxtlar, gulzorlar va dam olish maskanlari barpo etilgan. Hududdagi bunday yondashuv aholiga qulay va musaffo ekologik muhit yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mahalla hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Alisher Navoiy bog‘i” barpo etilgan. Yo‘lning ikki tomonida tashkil etilgan ushbu bog‘ 7 gektar maydonni egallab, hududga 11 ming 200 tup iqlimga mos manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan. Ko‘chatlarni parvarishlashda zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgani ekologik samaradorlikni yanada oshirmoqda.
2022-yildan buyon “Malikobod” va “Qalaiazizon” MFY hududida 107 gektar maydonda bog‘lar tashkil etilgan bo‘lib, bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ushbu loyiha nafaqat hudud ekologiyasini yaxshilash, balki cho‘l hududlarda yashillik maydonlarini kengaytirish orqali iqlim barqarorligini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.

Qiziltepa tumanidagi o‘rganishlar davomida Konsurun mahallasi hududida barpo etilayotgan “Chorvachilik mikromarkazlari kompleksi” faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi. 30 gektar maydonda tashkil etilayotgan mazkur kompleksda bugungi kunga qadar 20 ta zamonaviy ob’ekt qurib bitkazilgan bo‘lib, kelgusida yana yangi chorvachilik ob’ektlarini barpo etish rejalashtirilgan.

O‘rganish davomida Prezidentimiz rahbarligida oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash, eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish hamda sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha belgilangan vazifalarning hududlardagi ijrosi tahlil etildi.
Tojikon mahallasida aholi bilan uchrashuv tashkil etildi. Mahallada bugungi kunda 2016 nafar aholi istiqomat qilib, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Uchrashuv davomida yoqilg‘i-energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning afzalliklari hamda soliq madaniyatini oshirish masalalari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Karmana tumanida olib borilgan o‘rganishlar jarayonida Madaniyat mahallasida istiqomat qiluvchi aholi tomonidan tashkil etilgan issiqxona xo‘jaliklari faoliyati deputat e’tibor markazida bo‘ldi. Mahallada 400 ta issiqxona mavjud bo‘lib, aholi tomorqachilik va tadbirkorlik orqali yuqori daromad topmoqda. Bu kabi tajribalar bugungi kunda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, intensiv qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda yoshlarni sportga jalb qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Hududlarda zamonaviy sport maskanlarining barpo etilishi esa yosh avlodning barkamol voyaga yetishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tumandagi Jaloyir mahallasida joylashgan sport maydonida olib borilgan o‘rganishlarda esa yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratildi. Sport maskanida shaxmat-shashka xonasi, boks zali hamda boshqa sport turlari bilan shug‘ullanish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Deputat tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ekologik loyihalar, tadbirkorlik tashabbuslari hamda aholi manfaatlariga qaratilgan islohotlarning amaliy natijalariga alohida e’tibor qaratildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri