Hosil taqdiri dalada hal bo‘ladi
Dala — dehqon mehnati, ilm-fan, zamonaviy texnologiya va mas’uliyat uyg‘unlashadigan ulkan mehnat maydoni. Bugun paxtazorda qilingan har bir ish, belgilangan har bir agrotexnik tadbir ertangi hosilning taqdirini belgilaydi. Shu bois bugungi qishloq xo‘jaligida “vaqtida” bajarilgan ishning o‘zi yetarli emas — uning sifatli, ilmiy asoslangan va aniq texnologiya talablari asosida amalga oshirilishi muhim.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan agrar sohani tubdan modernizatsiya qilish, yerdan samarali foydalanish, suv va resurslarni tejash, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish, fermerning daromadini oshirish va pirovardida xalq dasturxoni farovonligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bugun ana shu islohotlarning natijasi, eng avvalo, dalaning o‘zida namoyon bo‘lmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Buxoro viloyatida bo‘lib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligi, agrotexnik tadbirlarning borishi va hosilni yig‘ishtirib olishga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi.
Tashrifning dastlabki manzili Buxoro tumanidagi paxta dalalari bo‘ldi. Bu yerda asosiy e’tibor g‘o‘za parvarishida yakuniy bosqichning qay darajada tashkil etilgani, hosilning pishib yetilishi va uni qisqa muddatlarda, sifatli hamda nobudgarchiliksiz yig‘ishtirib olishga yaratilgan sharoitlarga qaratildi. Ayniqsa, paxta dalalarida olib borilayotgan desikatsiya jarayonlari atroflicha ko‘zdan kechirildi.

Desikatsiya — ekinlarni yig‘im-terimga tayyorlashning muhim agrotexnik tadbirlaridan biri. U o‘simlikning vegetatsiya jarayonini me’yorlashtirish, ortiqcha namlikni kamaytirish, paxta hosilining bir tekis pishib yetilishi va terimni belgilangan muddatlarda samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Biroq bu jarayonni shunchaki kimyoviy vosita qo‘llashdan iborat oddiy tadbir sifatida qabul qilish mumkin emas. Uning samarasi, avvalo, muddat, me’yor, ob-havo sharoiti, g‘o‘zaning holati va agrotexnik talablarga qat’iy rioya etilishiga bog‘liq.
Shu jihatdan vazirning daladagi o‘rganishlari oddiy nazorat emas, balki hosil taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan har bir jarayonni chuqur tahlil qilishga qaratildi.
O‘rganishlar davomida dalalarda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va belgilangan talablar asosida amalga oshirish, har bir dala kesimida mavjud holatni alohida tahlil qilish zarurligi ta’kidlandi.
Ayniqsa, paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishishga qaratilgan “8 ta qonun” talablariga amal qilish masalasiga jiddiy e’tibor qaratildi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur talablar paxta yetishtirishda har bir agrotexnik jarayonni aniq mezonlar asosida tashkil etish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish va yakuniy natija — yuqori hamda sifatli hosilni ta’minlashga qaratilgan. Ammo ularning mazmun-mohiyatini ayrim rahbarlar va fermer xo‘jaliklari hali to‘liq anglab yetmagani qayd etildi.
Vazir bu borada mas’ullarga aniq vazifalarni belgilab berdi.

— “8 ta qonun”ni shunchaki tavsiya sifatida emas, daladagi har bir agrotexnik tadbirning aniq mezoni sifatida qabul qilish kerak, — dedi Ibrohim Abdurahmonov.
Darhaqiqat, qishloq xo‘jaligida natijaga erishish uchun umumiy topshiriqning o‘zi kifoya qilmaydi. Har bir gektar yerning holati, har bir niholning rivojlanishi, har bir agrotexnik tadbirning muddati va sifati doimiy nazoratda bo‘lishi kerak.
Bugun paxtazordagi asosiy vazifa — yetishtirilgan hosilni boy bermaslik. Buning uchun desikatsiyadan tortib terimgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni o‘zaro uyg‘un va puxta tashkil etish talab etiladi. Shu maqsadda mutasaddilarga agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda va sifatli bajarish, har bir dala bo‘yicha alohida tahlil olib borish, mavjud muammolarni joyida bartaraf etish, fermerlarga amaliy yordam ko‘rsatish va terim mavsumiga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri