Marketpleyslarda B2B savdoga keng yo‘l ochiladi
Raqamli savdo maydonchalarida tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.
Bugun elektron tijorat nafaqat aholiga tovar va xizmatlarni onlayn taklif qilish, balki tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi savdo munosabatlarini ham raqamlashtirishning muhim vositasiga aylanmoqda. O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishni yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi choralar belgilandi.
Prezidentimizning 2026-yil 27-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan raqamli savdo maydonchalarida biznes yuritish uchun teng sharoitlar yaratish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil dekabr oyiga qadar raqamli savdo maydonchalarida biznes yuritish uchun teng sharoitlar yaratishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. Unda avvalo, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi bitimlarni elektron savdo platformalari orqali amalga oshirishga ruxsat berish nazarda tutilmoqda.
Eng muhimi, bunday bitimlar bo‘yicha zarur hujjatlarni ham bevosita raqamli shaklda rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi. Bu korxonalar uchun qog‘ozbozlikni kamaytirish, vaqt va xarajatlarni tejash hamda savdo jarayonlarini tezlashtirishga xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, kelgusida korxona o‘z mahsulotini faqat jismoniy shaxslarga emas, balki boshqa korxona yoki tashkilotlarga ham marketpleys orqali taklif qilishi, buyurtma olishi va bitimni elektron shaklda rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.
Yangi tartib faqat savdo qilish imkoniyatini kengaytirish bilan cheklanmaydi. Raqamli platformalardan foydalanuvchi tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari ham kuchaytiriladi. Xususan, platforma foydalanuvchilarining shikoyatlarini sudgacha ko‘rib chiqishning shaffof tartibi belgilanishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, platforma qoidalari o‘zgargan taqdirda bozor ishtirokchilarini bu haqda oldindan xabardor qilish majburiyati joriy etiladi. Bu talablar tadbirkorlar uchun raqamli savdo maydonchalarida yanada barqaror va tushunarli biznes muhitini shakllantirishga qaratilgan. Hujjatda korporativ buyurtmachilarning davlat xaridlari bo‘yicha oldindan to‘lovlarini byudjet buyurtmachilari uchun belgilangan tartib, miqdor va shartlarga muvofiqlashtirish ham nazarda tutilgan.
Yirik buyurtmachilar uchun esa uch yillik xarid rejalarini shakllantirish, ularni smeta va biznes-rejalar bilan bog‘lash taklif etilmoqda. Investitsiya loyihalari bo‘yicha alohida xarid rejalari, yagona texnik talablar va KPI ko‘rsatkichlarini joriy etish ham rejalashtirilgan. Bu yirik korxonalarning xarid jarayonlarini oldindan rejalashtirishi va yetkazib beruvchi tadbirkorlar uchun ham bozor talabini aniqroq ko‘rishiga imkon berishi mumkin.
Farmonda davlat xaridlari sohasiga oid yana bir muhim taklif bor. Unga ko‘ra, byudjet mablag‘lari hisobidan 100 million so‘mgacha bo‘lgan kichik hajmdagi tovarlarni xarid qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish belgilangan. Bu, ayniqsa, kichik biznes sub’ektlarining davlat xaridlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.
Farmonda raqamli savdo bilan bir qatorda milliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, ishlab chiqaruvchilarning marketpleyslar orqali mahsulotlarni omborga joylashtirish va sotish bilan bog‘liq xarajatlarining yarmini kompensatsiya qilishni nazarda tutuvchi choralar belgilangan. Shuningdek, milliy brendlarni tashqi bozorlarda targ‘ib qilish va xalqaro talablarga moslashtirish uchun 50 ming dollargacha subsidiya berish masalasi ham ko‘zda tutilmoqda. Bu choralar mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozorlarga chiqish, mahsulotlarini xalqaro marketpleyslarda sotish va milliy brendlarni xorijda tanitish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.
E’tiborli jihati, ushbu farmonda raqamli savdo bilan bog‘liq bir qator yo‘nalishlar bir-biri bilan uyg‘unlashtirilgan. Masalan, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona raqamli platforma joriy etilishi ham belgilangan. U orqali moliyaviy va nomoliyaviy ko‘mak choralarini «bir darcha» tamoyili asosida taqdim etish rejalashtirilmoqda. Platformani 2027-yil 1-martga qadar amaliyotga joriy qilish belgilangan. Shuningdek, 2027–2030-yillarda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, raqamli savdo va chegaraoldi savdoni kengaytirish, islom moliyasi instrumentlarini joriy etish hamda mikro va kichik biznesni raqamlashtirish uchun 1 milliard dollar miqdorida qarz va 10 million dollar miqdorida grant mablag‘larini jalb qilish choralari belgilangan.
Umuman olganda, belgilanayotgan choralar elektron savdoni oddiy onlayn xarid vositasidan kengroq — tadbirkorlar o‘rtasidagi bitimlar, davlat xaridlari, eksport va biznesni qo‘llab-quvvatlash jarayonlarini birlashtiruvchi raqamli ekotizimga aylantiradi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA