Eskrou orqali 33 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi
O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdi jarayonlarida eskrou hisobvaraqlaridan foydalanish amaliyoti tobora kengayib bormoqda. Mazkur mexanizm xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi hisob-kitoblarni xavfsiz va shaffof tashkil etish, mablag‘larning maqsadli harakatini ta’minlash hamda bitim ishtirokchilarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, 2026-yil avgust oyida ko‘chmas mulk hamda transport vositalari oldi-sotdisini eskrou hisobvaraqlari orqali rasmiylashtirish bo‘yicha 33 ming 392 ta bitim amalga oshirildi. Ularning 17 ming 807 tasi transport vositalari, 15 ming 585 tasi esa ko‘chmas mulk oldi-sotdisiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, ayni paytda 4 ming 346 ta bitim rasmiylashtirish jarayonida bo‘lgan.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan. Poytaxtda avgust oyida 10 ming 487 ta bitim rasmiylashtirilgan bo‘lib, bu respublikadagi jami bitimlarning 31,4 foizini tashkil etgan.
Mazkur raqamlar, avvalo, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida ko‘chmas mulk hamda avtotransport bozoridagi iqtisodiy faollik saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Bir oyning o‘zida 33 mingdan ortiq bitimning eskrou mexanizmi orqali rasmiylashtirilishi ushbu tizimga nisbatan ishonch shakllanayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, transport vositalari bo‘yicha bitimlar ulushining yuqoriligi aholining avtomobillar bozoridagi faolligi sezilarli ekanini ko‘rsatmoqda. Jami bitimlarning qariyb 53,3 foizi transport vositalari, 46,7 foizi ko‘chmas mulk hisobiga to‘g‘ri keladi. Bu eskrou hisobvaraqlaridan nafaqat uy-joy, balki avtotransport oldi-sotdisida ham foydalanish kengayib borayotganini anglatadi.
Eskrou mexanizmining iqtisodiy ahamiyati shundaki, xaridorning mablag‘i bitim shartlari bajarilguniga qadar maxsus hisobvaraqda saqlanadi. Shu orqali tomonlardan birining majburiyatni bajarmasligi bilan bog‘liq moliyaviy xavflarni kamaytirish imkoni paydo bo‘ladi.
Toshkent shahridagi 10 ming 487 ta bitimning o‘zi respublika bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichning uchdan bir qismini tashkil etmoqda. Bu poytaxtda ko‘chmas mulk va transport bozorlarining iqtisodiy hajmi, aholi zichligi, daromadlar darajasi hamda moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari nisbatan yuqori ekani bilan izohlanishi mumkin.
Shu bilan birga, Farg‘ona, Samarqand va Andijon viloyatlarida ham minglab bitimlarning qayd etilishi eskrou tizimi faqat poytaxt bilan cheklanib qolmayotganini, balki hududlarda ham keng qo‘llanilayotganini ko‘rsatadi. Umuman, avgust oyidagi ko‘rsatkichlar eskrou hisobvaraqlari O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va transport bozorlarida hisob-kitoblarni shaffoflashtirish, xaridor mablag‘larini himoya qilish va bitimlar xavfsizligini oshirishga xizmat qiluvchi zamonaviy moliyaviy instrument sifatida ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA