Hokim xorijdagi yoshlar bilan onlayn muloqot o‘tkazdi
Surxondaryo viloyati Denov tumani hokimi Anvar Normamatov chet elda mehnat qilayotgan va oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan yoshlar bilan ZOOM platformasi orqali onlayn suhbatlashdi.
Ochiq muloqotda 52 nafar yosh ishtirok etdi. Uchrashuvda tuman rahbari mahallalarda yuz berayotgan yangilanish va o‘zgarishlar, yigit-qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha so‘z yuritdi. Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan tabrikladi. Suhbat chog‘ida ularning taklif va tashabbuslari tinglanib, muammolari muhokama etildi. Xorijda mehnat qilayotgan va ta’lim olayotgan yoshlar o‘rtaga tashlagan masalalar tahlil qilinib, ularni o‘rganish, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish, istiqbolli tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.

Onlayn uchrashuv yakunida tuman hokimi xorijda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan yoshlar bilan doimiy aloqalarni mustahkamlash, ularning bilim va tajribasidan hudud rivoji yo‘lida foydalanish, ilg‘or tashabbuslarini joriy etish to‘g‘risida fikr almashdi. Ularga o‘zlari bo‘lib turgan davlat qonunchiligiga amal qilish, mehnat qilayotgan yoshlarga texnika xavfsizligiga rioya etish, talabalarga yaxshi o‘qib, malakali mutaxassis bo‘lib yetishish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri