Milliy oziq-ovqat xavfsizligidan mintaqaviy agrar hamkorlikkacha: imkoniyatlar va istiqbollar
Mamlakatimizda Barqaror rivojlanish oyiligi o‘tkazilmoqda. Uning maqsadlaridan biri – ochlikka barham berish masalasi. Bu haqda Barqaror rivojlanish markazi eksperti Muslim Ergashbayev bilan suhbatlashdik.
– Yurtimizda Barqaror rivojlanish oyligi davom etmoqda. Bugun BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlaridan ikkinchisi – ochlikka barham berish masalalari xususida gaplashamiz. Avvalo, ushbu maqsadning bugungi ahamiyatini qanday baholaysiz?
– Barqaror rivojlanish maqsadlaridan ikkinchisini faqat ochlikka barham berish maqsadi sifatida talqin qilish uning mazmunini biroz cheklaydi. Bugun bu maqsad aholini sifatli va to‘yimli oziq-ovqat bilan qamrab olish, fermer xo‘jaliklari barqarorligini oshirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishi sharoitida oziq-ovqat tizimining barqarorligini kuchaytirish kabi o‘zaro bog‘liq vazifalarni qamrab oladi.
O‘zbekiston uchun bu masala ayniqsa muhim. Qishloq xo‘jaligi nafaqat oziq-ovqat ta’minoti, balki aholi bandligi, eksport salohiyati va hududiy rivojlanish bilan ham uzviy bog‘liq. Ayni paytda qishloq xo‘jaligi suv resurslarining asosiy iste’molchisi hisoblanadi.
Shuning uchun O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi masalasida uchta asosiy jihatni uyg‘un holda ko‘rish zarur – suv resurslaridan samarali foydalanish, agrar mahsuldorlikni oshirish va aholining oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish imkoniyatini kengaytirish.
– So‘nggi yillarda oziq-ovqat xavfsizligi masalasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Biroq bozorlar va do‘konlarda mahsulotlar yetarli ekan, xavf qayerda, degan savol tug‘iladi?
– Menimcha, aynan shu yerda oziq-ovqat xavfsizligi haqidagi an’anaviy tasavvurimizni o‘zgartirishimiz kerak. Oziq-ovqat xavfsizligini bugun bozor rastalarida qancha mahsulot borligi bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Bozorda mahsulotning mavjudligi – butun tizimning oxirgi natijasi, xolos. Uning ortida suv, yer, urug‘, energiya, fermer, kredit, ombor, transport, chegara, import va eksportdan iborat katta zanjir turibdi. Shu zanjirning bir bo‘g‘ini uzilsa, ertami-kechmi iste’molchi dasturxonida seziladi.
Shuning uchun men oziq-ovqat xavfsizligini uchta savolga berilgan javob bilan baholagan bo‘lar edim: bugun mahsulot bormi, ertaga ham bo‘ladimi va aholi uni sotib ololadimi?Uchinchi jihat ham muhim. Mahsulotning bozorda mavjudligi yetarli emas: agar uning narxi aholi uchun yuqori bo‘lsa, oziq-ovqat xavfsizligi to‘liq ta’minlangan deb bo‘lmaydi.
– O‘zbekistonda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlaridan ikkinchi yo‘nalishida belgilangan vazifalarga erishish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– So‘nggi yillarda agrar sohada bozor mexanizmlarini kengaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, irrigatsiyani modernizatsiya qilish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga e’tibor kuchaymoqda.
Yana bir muhim qadam 2026-yilda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning o‘tkazilganidir. Uning natijalari qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ishonchli statistik bazani shakllantirib, kelgusida agrar siyosat, suv taqsimoti va investitsiya qarorlarini aniq ma’lumotlar bilan asoslash imkonini beradi. Umuman, zamonaviy agrar siyosatning asosi resurslardan samarali foydalanish va ishonchli ma’lumotlarga tayanib qaror qabul qilishdir.
– Iqlim o‘zgarishi bu masalani yanada murakkablashtiradimi?
– Albatta. Biroq iqlim o‘zgarishining asosiy xavfi faqat havo haroratining ko‘tarilishida emas, balki iqlim beqarorligining kuchayishida namoyon bo‘ladi.
Fermer uchun o‘rtacha yillik haroratdan ko‘ra, ekinning muhim rivojlanish bosqichida kuzatiladigan ekstremal issiqlik yoki qurg‘oqchilik xavfliroq bo‘lishi mumkin. Shuningdek, yog‘ingarchilikning yillik miqdoridan ko‘ra, suvning aynan vegetatsiya davrida mavjudligi muhim ahamiyatga ega.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi ta’sirida O‘zbekistonda suv mavjudligi 30-40 foizgacha kamayishi, irrigatsiyaga talab esa 25 foizgacha o‘sishi mumkin. Mazkur raqamlarni oddiy ekologik prognoz deb qabul qilmaslik kerak. Bu, avvalo, iqtisodiy signal. Agar suv kamaysa, bir kub metr suvning iqtisodiy qiymati ortadi. Agrar sohadagi har bir qaror – qaysi ekinni ekish, qayerda ekish, qanday texnologiya qo‘llash – suv siyosatining ham bir qismiga aylanadi.
Biz uzoq vaqt agrar natijani “bir gektardan qancha hosil oldik?” degan ko‘rsatkich bilan o‘lchadik. Suv taqchilligi kuchayib borayotgan sharoitda buning o‘zi yetarli emas.
Endi ikkinchi ko‘rsatkich ham muhim: bir kub metr suv hisobiga qancha mahsulot va qancha iqtisodiy qiymat yaratildi? Bu juda muhim metodologik o‘zgarish. Masalan, ikki ekin gektaridan bir xil daromad berishi mumkin, ammo ulardan biri ikki barobar ko‘p suv talab qilsa, suv taqchil hudud uchun ularning real samaradorligi bir xil emas.
Suvdan foydalanishda «olish – ishlatish – chiqarib yuborish» yondashuvidan «olish – ishlatish – tozalash – qayta foydalanish» tamoyiliga o‘tish muhim. Shu ma’noda men “suv tejash” tushunchasini ham kengaytirish tarafdoriman. Maqsad faqat suvni kam ishlatish emas, suvning har bir birligidan ko‘proq qiymat yaratish bo‘lishi kerak.
– O‘zbekiston uchun eng muhim amaliy vazifalarni qaysi yo‘nalishlarda ko‘rasiz?
– Menimcha, bir nechta ustuvor yo‘nalish bor. Avvalo, irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish zarur.
Ikkinchidan, davlat qo‘llab-quvvatlashini aniq natijalar bilan bog‘lash kerak. Masalan, fermerga tomchilatib sug‘orish uskunasini o‘rnatgani uchun emas, balki suv sarfini kamaytirib, mahsuldorlikni saqlagani uchun rag‘bat berish samaraliroq.
Uchinchidan, ilm-fanni fermerga yaqinlashtirish muhim. Yangi nav yoki texnologiya laboratoriyada qolib ketmasdan, amaliyotga kirib borishi va fermerning aniq qaroriga aylanishi kerak.
To‘rtinchi yo‘nalish – aholining tomorqadan samarali foydalanish madaniyatini oshirish va oziq-ovqat isrofini kamaytirish. Yetishtirilgan mahsulotni tejamkor saqlash, qayta ishlash va oqilona iste’mol qilish ham oziq-ovqat xavfsizligining muhim qismi.
– Xalqaro darajada oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror agrar taraqqiyot sohasida hali to‘liq ishga solinmagan qanday imkoniyatlarni ko‘rasiz?
– Menimcha, asosiy muammo yangi g‘oyalar yoki texnologiyalarning yetishmasligida emas. Dunyoda qurg‘oqchilikka chidamli navlar, samarali sug‘orish texnologiyalari, sun’iy yo‘ldosh monitoringi, sun’iy intellekt asosida prognozlash bo‘yicha ma’lum yutuqlar bor. Albatta, ularning soni ortishi juda muhim. Lekin, bugunning asosiy vazifasi – ularni ilmiy ishlanmadan amaliy yechimga tezroq aylantirish.
Buning uchun, avvalo, ilm-fan va qishloq xo‘jaligi amaliyoti o‘rtasidagi tafovutni qisqartirish kerak. Fermer murakkab ilmiy ko‘rsatkichdan ko‘ra, qachon sug‘orish, qayerda xavf yuqori yoki qanday chora ko‘rish zarurligini bilishi muhim. Unga “NDVI indeksi pasaydi” degan ma’lumot emas, “uch kundan keyin sug‘orish kerak”, “bu maydonda kasallik xavfi yuqori” yoki “suv sarfini kamaytirmasangiz hosil yo‘qotish xavfi bor” degan aniq tavsiya kerak. Demak, xalqaro raqamlashtirishning keyingi bosqichi ma’lumot to‘plash emas, ma’lumotni qarorga aylantirish bo‘lishi kerak.
Suv tanqis hudud har bir mahsulotni o‘zi yetishtirishi shart emas. Ayrim mahsulotlarni suv va energiyadan samarali foydalanadigan hududlardan import qilish orqali umumiy resurs sarfini kamaytirish mumkin. Bu yerda oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiy samaradorlik o‘rtasidagi muvozanat saqlanishi lozim.
Shuningdek, oziq-ovqat yo‘qotishlarini kamaytirish katta imkoniyat beradi. Oziq-ovqat zanjiri, zamonaviy omborlar, qayta ishlash va logistika tizimlarini rivojlantirish orqali qo‘shimcha yer va suv resurslarini jalb etmasdan ham oziq-ovqat ta’minotini oshirish mumkin.
Iqlim o‘zgarishi sharoitida mahalliy ekin navlari, urug‘lar va chorva genetikasi strategik ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Bir davlatda yo‘qolgan genetik resurs boshqa davlatda saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun xalqaro urug‘ banklari, qo‘shma seleksiya dasturlari va iqlimga chidamli navlarni tezkor almashish tizimi kelajak oziq-ovqat xavfsizligining muhim elementiga aylanishi mumkin.
– Xalqaro hamkorlik haqida gapirdik. Ammo O‘zbekiston nuqtai nazaridan oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror agrar taraqqiyot sohasida qaysi tashqi yo‘nalishni eng muhim deb hisoblaysiz?
– Menimcha, O‘zbekiston uchun bu borada eng muhim yo‘nalish – Markaziy Osiyo. Bu masalada geografik yaqinlikning o‘zi asosiy omil emas. Markaziy Osiyo mamlakatlarining oziq-ovqat tizimlari suv resurslari, transport tarmoqlari, iqlim sharoiti va agrar bozorlar orqali bir-biri bilan chambarchas bog‘langan. Ayniqsa, transchegaraviy suv resurslari va transport yo‘laklari, shuningdek, umumiy iqlim xavflari bir mamlakatdagi o‘zgarishlarning boshqa mamlakatlarga ham ta’sir ko‘rsatishiga sabab bo‘ladi.
Shuning uchun O‘zbekistonning milliy agrar siyosatini mintaqaviy jarayonlardan alohida ko‘rib bo‘lmaydi. Masalan, suv oqimining o‘zgarishi hosildorlikka, qo‘shni davlatlardagi hosilning kamayishi narxlarga, transport va chegaradagi uzilishlar esa mahsulotlarning bozorga yetib borishiga bevosita ta’sir qilishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyoni O‘zbekiston oziq-ovqat xavfsizligining tashqi muhiti emas, uning kengaytirilgan agrar ekotizimi sifatida ko‘rish kerak, deb o‘ylayman.
Bu yerda yana bir muhim jihat bor. Mintaqa mamlakatlari bir xil resurslarga emas, bir-birini to‘ldiruvchi imkoniyatlarga ega. Qozog‘istonning katta yer maydonlari va g‘allachilik salohiyati, Qirg‘iziston va Tojikistonning suv-energetika imkoniyatlari, O‘zbekistonning intensiv dehqonchilik, bog‘dorchilik, qayta ishlash va katta iste’mol bozori, Turkmanistonning o‘ziga xos agroiqlim imkoniyatlari – bularni faqat milliy aktivlar sifatida emas, mintaqaviy qiymat zanjirlarini shakllantirish nuqtai nazaridan ham ko‘rish mumkin.
Bu degani har bir mamlakat o‘z oziq-ovqat siyosatidan voz kechadi, degani emas. Aksincha, milliy barqarorlik mintaqaviy kooperatsiya hisobiga kuchaytiriladi.
Menimcha, Markaziy Osiyo uchun yagona “Agrar reyestr” yaratish muhim. Unda yer va suv resurslari, ishlab chiqarish, qayta ishlash, logistika, eksport va iqlim xavflari haqidagi ma’lumotlar bir tizimga jamlanadi.
Asosiy maqsad – faqat statistikani to‘plash emas, balki qaysi hududda qanday imkoniyat borligi va mamlakatlar bir-birini qayerda to‘ldirishi mumkinligini aniqlash. Shunda milliy ma’lumotlardan foydalanib, mintaqaviy kooperatsiya va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha aniqroq qarorlar qabul qilish mumkin.
Hozirgi kunda Markaziy Osiyoda suv resurslaridan foydalanish, energetika, transport va savdo sohalarida alohida hamkorlik mexanizmlari shakllangan. Ammo fermer nuqtai nazaridan bularning barchasi bitta tizim. Unga suv kerak, energiya kerak, urug‘ va texnologiya kerak, mahsulotini esa bozorga chiqarishi lozim. Shuning uchun keyingi bosqichda “suv – energiya – oziq-ovqat – transport” bog‘liqligini yagona iqtisodiy zanjir sifatida ko‘rish muhim.
Markaziy Osiyoda mahsulot yetishtirishning o‘zi yetarli emas; uni ehtiyoj bor joyga tez yetkazish ham muhim. Shuning uchun tez buziladigan mahsulotlar uchun elektron fitosanitar hujjatlar, laboratoriya natijalarini o‘zaro tan olish, tezkor bojxona tartiblari va sovuq logistikani birlashtiradigan “yashil agrar yo‘laklar”ni rivojlantirish mumkin.
Mintaqada qurg‘oqchilik, sho‘rlanish, sug‘orma dehqonchilik, tog‘ qishloq xo‘jaligi va seleksiya bo‘yicha katta tajriba to‘plangan. Lekin bu bilimlar hali ham milliy chegaralarda tarqoq holda qolmoqda. Markaziy Osiyo agrar bilim tarmog‘i orqali olimlar, universitetlar, tajriba xo‘jaliklari va fermerlarni bog‘lash mumkin. Bir davlatda yaratilgan iqlimga chidamli nav yoki suv tejash usuli qo‘shni mamlakatda tez sinovdan o‘tishi kerak.
Menimcha, mintaqaviy hamkorlikda tovar ayirboshlash bilan bir qatorda bilim, tajriba va texnologiya almashinuvini ham jadallashtirish zarur. Eng muhimi, Markaziy Osiyoda agrar hamkorlikni faqat xavflarga javob berish vositasi deb emas, yangi iqtisodiy imkoniyat yaratish mexanizmi sifatida ko‘rish zarur.
Bugun jahon bozorida alohida mamlakatning imkoniyatlari cheklangan bo‘lishi mumkin. Ammo umumiy standartlar, qayta ishlash, logistika va qo‘shma qiymat zanjirlarini rivojlantirish orqali Markaziy Osiyo yagona va raqobatbardosh agrar makon sifatida tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatiga ega. Shu sababli men Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy agrar siyosatning mantig‘ini uch bosqichda ko‘raman: birinchi – umumiy xavflarni birgalikda ko‘rish; ikkinchi – mavjud resurslardan birgalikda samarali foydalanish; uchinchi – umumiy iqtisodiy qiymat yaratish. Shunda Markaziy Osiyo hamkorligi “muammolarni birgalikda hal qilish” darajasidan “imkoniyatlarni birgalikda yaratish” darajasiga ko‘tariladi.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.