Qorako‘lda bunyodkorlikning yangi nafasi
Yurt taraqqiyotini ko‘z bilan ko‘rish, yangilanishlar shohidi bo‘lish va bu ezgu o‘zgarishlarga munosib baho berish — inson qalbida, ayniqsa, hayotning katta tajribasini orttirgan nuroniylarda alohida taassurot uyg‘otadi.
Mustaqilligimizning 35 yillik shodiyonalari arafasida yurtimizda ezgu an’ana va qadriyatlarni yanada mustahkamlash, nuroniylarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, ularning boy hayotiy tajribasidan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar doirasida Romitan tumanidagi faol nuroniylardan iborat guruh Qorako‘l tumaniga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish va yangilanish ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Tashrifning ilk manzili “Yangi O‘zbekiston” massivi bo‘ldi.
Bugun Qorako‘l tumanida qad rostlayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivi hududning zamonaviy qiyofasini belgilab berayotgan yirik bunyodkorlik loyihalaridan biriga aylanmoqda.
Umumiy 26 gektar maydonni qamrab olgan massivda aholi uchun zamonaviy, shinam va barcha qulayliklarga ega uy-joylar barpo etilmoqda. Loyihaning birinchi bosqichi doirasida 440 ta xonadondan iborat 22 ta ko‘p qavatli uy-joy foydalanishga topshirilib, yuzlab oilalar uchun yangi va munosib yashash sharoiti yaratildi.
Bu yerdagi o‘zgarishlarni kuzatar ekan, nuroniylar oddiy binolar emas, balki odamlar taqdiri, oilalar farovonligi va kelajak avlodlar hayoti uchun yaratilayotgan yangi maskan shakllanayotganiga guvoh bo‘ldi.

Qorako‘ldagi yangilanishlar bir kunlik yoki bir yillik jarayon emas. Bu — izchil davom etayotgan, aniq reja va istiqbolli maqsadlarga asoslangan bunyodkorlik jarayoni.
2026-yilning birinchi yarim yilligida 48 xonadonga mo‘ljallangan 2 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi. Yil yakuniga qadar esa “Yangi O‘zbekiston” massivida 60 xonadonli yana 3 ta ko‘p qavatli uy barpo etilishi rejalashtirilgan.
Qurilish jarayonlarining jadal davom etayotgani hududda aholi uchun zamonaviy uy-joylarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, odamlarning munosib hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Massivning o‘ziga xos jihati shundaki, bu yerda faqat ko‘p qavatli uylar emas, balki aholining kundalik ehtiyojlarini ta’minlaydigan yaxlit ijtimoiy infratuzilma ham shakllantirilmoqda. Xususan, maktabgacha ta’lim tashkiloti, oilaviy shifokorlik punkti va umumta’lim maktabi kabi ijtimoiy ob’ektlarning mavjudligi aholiga ta’lim va tibbiy xizmatlardan o‘z yashash hududining o‘zida foydalanish imkonini bermoqda.
Zero, zamonaviy uy-joy deganda faqat shinam xonadon emas, balki bolalar ta’limi, oila salomatligi, xavfsizlik, obodlik va inson uchun zarur bo‘lgan barcha qulayliklar uyg‘unlashgan muhit tushuniladi. Shu ma’noda “Yangi O‘zbekiston” massivida shakllanayotgan infratuzilma “inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilning hayotdagi amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Tashrif davomida romitanlik nuroniylar ko‘p qavatli uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar va hududni obodonlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Ular yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berdi. Ayniqsa, yangi uy-joylar bilan bir qatorda ijtimoiy ob’ektlarning ham barpo etilayotgani, hududning obod va zamonaviy qiyofaga kirib borayotgani nuroniylarda katta taassurot qoldirdi. Bunday tashriflarning ahamiyati ham shunda — nuroniylar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, ularning mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda faol ishtirok etadi.
Romitan va Qorako‘l tumanlari vakillari o‘rtasidagi bunday uchrashuvlar faqatgina bunyodkorlik ob’ektlarini tomosha qilish bilan cheklanib qolmaydi. Ular zamirida o‘zaro tajriba almashish, yaxshi tashabbuslarni ommalashtirish, nuroniylar va yoshlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash kabi ezgu maqsadlar mujassam. Zero, nuroniylar — kechagi kunning tajribasi, buguning ma’naviy tayanchi va ertangi kunga yo‘l ko‘rsatuvchi hayot maktabidir.

Ularning duosi, maslahati va hayotiy tajribasi yoshlar uchun katta ma’naviy boylik sanaladi. Yoshlar esa o‘z g‘ayrati, tashabbusi va yangilikka intilishi bilan yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Shu jihatdan qaraganda, ikki tuman nuroniylari o‘rtasidagi bu kabi muloqotlar avlodlar davomiyligi va hududlararo hamjihatlikning yorqin namunasidir.

Bugun yurtimizning turli hududlarida qad rostlayotgan zamonaviy massivlar, yangi uy-joylar, maktab va tibbiyot muassasalari, obod ko‘chalar va qulay infratuzilma ob’ektlari mamlakatimizdagi ulkan yangilanishlarning amaliy natijasidir.
Romitanlik nuroniylarning Qorako‘l tumaniga tashrifi ular uchun nafaqat yangi manzillar bilan tanishuv, balki yurtimizda kechayotgan ulkan o‘zgarishlarni his etish imkoni ham bo‘ldi.
Tashrif ishtirokchilari Qorako‘ldagi bunyodkorlik ishlari misolida xalqimiz mehnati, davlatimiz e’tibori va ezgu maqsadlar uyg‘unlashganda qanday ulkan natijalarga erishish mumkinligining yana bir bor guvohi bo‘lishdi.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayrli ishlar xalqimizni yagona maqsad — Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etish, mahallalarni obod, xonadonlarni fayzli, aholi turmushini yanada farovon qilish g‘oyasi atrofida birlashtirmoqda.
Zero, obod hudud — farovon hayotning, zamonaviy uy-joy — inson qadrining, nuroniylar duosi esa ezgu ishlar barakasining ramzidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri