Hokim xonadonda tashkil etilgan muzey va kutubxonaga tashrif buyurdi
Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Yangiyer shahridagi Abduqul Mamatov va Bonu Mamatova xonadoniga tashrif buyurib, bu yerda tashkil etilgan uy-muzey va kutubxona faoliyati bilan tanishdi. Tashrif yakunida viloyat hokimi kutubxonani yanada rivojlantirish maqsadida kitoblar jamlanmasi hamda kutubxona uchun konditsioner sovg‘a qildi.
Mamatovlar xonadoni bugun nafaqat Yangiyer shahri, balki butun Sirdaryo viloyatida kitobxonlik, tarixiy meros va milliy qadriyatlarni asrab-avaylashga xizmat qilayotgan o‘ziga xos ma’rifat maskani sifatida tanilgan. Oddiy xonadonda XVI–XVIII asrlarga oid osori-atiqalar, noyob qo‘lyozmalar, turli davrlarga mansub eksponatlar hamda o‘zbek, tojik, fors va rus tillaridagi 3000 dan ziyod kitob jamlangan.
Tashrif davomida viloyat hokimi uy-muzey ekspozitsiyasi bilan tanishib, tarixiy merosni saqlash va yosh avlodga yetkazish borasidagi oilaning tashabbusini yuksak baholadi. Eksponatlar orasida o‘zbek va jahon boksi afsonasi Rufat Risqiyev tomonidan taqdim etilgan boks qo‘lqopi, birinchi kosmonavt Yuriy Gagarin dastxati tushirilgan keramika buyum, shuningdek, turli davrlarga oid fotosuratlar va san’at asarlari alohida e’tiborni tortdi.
Besh yil avval Mamatovlar oilasi umra ziyorati uchun yig‘ilgan mablag‘ni Prezidentning besh muhim tashabbusi doirasida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga yo‘naltirishga qaror qildi. Shu asosda xonadonda kutubxona barpo etilib, musiqa, rassomchilik, adabiyot va boshqa ijodiy yo‘nalishlar bo‘yicha to‘garaklar tashkil etildi. Bugun bu maskan kitobxonlar, o‘quvchilar va yoshlar uchun muntazam ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkaziladigan dargohga aylangan.
Xonadonda o‘zbek va tojik xalqlarining yuz yillik amaliy san’at namunalari — kashta, zardevor, so‘zana va boshqa noyob buyumlar ham saqlanmoqda. Ular milliy hunarmandchilik an’analarini targ‘ib etish va kelajak avlodga yetkazishga xizmat qilmoqda.

Asli kasbi haydovchi bo‘lgan Abduqul Mamatov va kutubxonachi Bonu Mamatova Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodining fidoyi targ‘ibotchilari hisoblanadi. Ular har yili buyuk mutafakkirlar tavalludi munosabati bilan adabiy-ma’rifiy kechalar tashkil etib, yoshlarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Tashrif yakunida Erkinjon Turdimov xonadonning tashrif kitobiga ezgu tilaklarini yozib qoldirdi.
— Abduqul akaning xonadonida tarix, madaniyat va milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan yuksak ehtiromni ko‘rib cheksiz mamnun bo‘ldim. Bunday ma’rifat maskanlari yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga ega. Xonadon ahliga sog‘liq, baxt va omad tilayman, — deb yozdi viloyat hokimi.
Yangiyerdagi ushbu uy-muzey bugun o‘tmish bilan bugunni bog‘lovchi, kitobxonlikni targ‘ib qiluvchi va milliy merosni asrashga xizmat qilayotgan noyob ma’naviyat maskanlaridan biri sifatida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri