Hindistonda yo‘lbars xonadonga bostirib kirib, oilaning 6 a’zosiga tashlandi
Hindistonning Mahasamund tumaniga qarashli Jitki qishlog‘ida tun yarmida dahshatli hodisa yuz berdi: uyga bostirib kirgan yo‘lbars oilaning 6 nafar a’zosiga hujum qilib, ularga jarohat yetkazdi. Bu haqda “The Times of India” nashri xabar bergan.
Voqea tungi soat 1:30 atrofida, 55 yoshli Uttaribay Yadav tashqariga chiqqan payt boshlangan. Ayolga tashlangan hayvon sarosimaga tushgan beka ortidan uy ichiga kirib, qolganlarga ham birma-bir tashlangan. Vahimaga qaramay, oila a’zolari yo‘lbarsni xonalardan biriga qamab qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan.
Jarohat olgan 6 kishidan ahvoli og‘ir uch nafari Raypur shahri shifoxonasiga yetkazilgan. Fojea joyiga yetib kelgan politsiya va o‘rmon xizmati xodimlari uyni o‘rab olgan. So‘ngra uxlatuvchi dori yordamida yo‘lbarsni xavfsiz olib chiqish uchun maxsus qutqaruv guruhi chaqirilgan.
Bu hududda ikki kun ichida ikki marta shunday hodisa kuzatildi: bir kun oldin qo‘shni o‘rmonda yana bir fuqaroga yo‘lbars tashlangan va yo‘lovchi bolta yordamida o‘zini himoya qilib qolgan. Ketma-ket hujum aholi o‘rtasida jiddiy xavotir uyg‘otgani bois, mas’ullar odamlarni o‘rmonga yolg‘iz kirmaslikka chaqirdi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA