Hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmadi
Inson dardini eshitish, muammosiga quloq tutish va unga amaliy yechim topish — davlat idoralari faoliyati samaradorligining eng muhim mezonidir. Sirdaryo tumanining Paxtakor mahallasida o‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabul ana shu tamoyilning hayotdagi amaliy ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sirdaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov raisligida tashkil etilgan qabulda 106 nafar fuqarodan 213 ta murojaat qabul qilindi. Har bir murojaat ortida inson taqdiri, oila tashvishi va ertangi kunga bo‘lgan ishonch mujassam ekani inobatga olinib, ular mas’ullar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqildi.
Qabul davomida joyida hal etish mumkin bo‘lgan masalalarga darhol amaliy yechim topildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etilgan murojaatlar esa tegishli tashkilotlarga biriktirilib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi. Bu esa har bir murojaatning natija bilan ta’minlanishiga qaratilgan amaliy yondashuvning yana bir tasdig‘i bo‘ldi.
Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning asosiy qismi bandlik va ishga joylashish masalalariga to‘g‘ri keldi — 73 ta. Shuningdek, uy-joy va kadastrga oid 41 ta, ijtimoiy himoya va moddiy yordam bo‘yicha 36 ta, kommunal xizmatlar hamda infratuzilmani yaxshilashga doir 20 ta, qishloq xo‘jaligi va yer munosabatlari yuzasidan 17 ta murojaat qayd etildi.

Bundan tashqari, tadbirkorlik va imtiyozli kreditlar bo‘yicha 8 ta, sog‘liqni saqlash sohasiga oid 5 ta, huquqiy hamda soliq masalalari bo‘yicha 4 ta, boshqa yo‘nalishlarda esa 9 ta murojaat qabul qilindi. Bu raqamlar aholini eng ko‘p qiynayotgan masalalar qaysi sohalarda to‘planganini yaqqol namoyon etdi.
Sayyor qabulda nafaqat Paxtakor mahallasi, balki tumanning boshqa mahallalari aholisi ham faol ishtirok etdi. Davlat idoralari rahbarlari va soha mutasaddilari fuqarolarning savollarini bevosita tinglab, huquqiy tushuntirishlar va amaliy tavsiyalar berdi. Imkoni bor masalalar joyida hal etildi, murakkab murojaatlar bo‘yicha esa aniq muddatlar va mas’ullar belgilandi.

Eng muhimi, Paxtakor mahallasida o‘tkazilgan sayyor qabul rasmiy tadbir emas, balki davlat idoralari bilan aholi o‘rtasidagi ochiq va samimiy muloqot maydoniga aylandi. Bu yerga kelgan fuqarolar o‘z dardu tashvishlarini bayon qilibgina qolmay, murojaatlarining aksariyatiga shu joyning o‘zidayoq amaliy yechim topildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etilgan murojaatlar esa nazoratga olinib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
G‘ulom Primov, O‘zA