Zamonaviy tibbiyot sari yangi qadam
Inson salomatligi — jamiyat taraqqiyoti va millat kelajagini belgilaydigan eng muhim qadriyatdir. Shu bois Yangi O‘zbekistonda aholiga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan keyingi yillarda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida tibbiy xizmatlar sifati mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Birlamchi tibbiy yordamni kuchaytirish, aholi uchun zamonaviy tashxis va davolash imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli tibbiyot tizimini joriy etish, tibbiyot muassasalarini yuqori texnologiyali jihozlar bilan ta’minlash hamda malakali kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar bugun o‘zining amaliy samarasini bermoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar ijrosini ta’minlash doirasida Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida Olot tumani tibbiyot birlashmasida viloyat ko‘rgazmali seminari tashkil etildi.

Mazkur nufuzli tadbirda viloyatning barcha 11 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmalari rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari, bosh hamshiralar, koordinatorlar hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi mutaxassislari ishtirok etdilar. Seminar tibbiyot tizimida erishilayotgan amaliy natijalarni tahlil qilish, ilg‘or boshqaruv tajribalarini ommalashtirish va zamonaviy yondashuvlarni keng tatbiq etish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar Olot tumani tibbiyot birlashmasida keyingi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli qurilish, rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari bilan tanishdilar. Muassasaning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida 2 milliard 200 million so‘mlik zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar xarid qilinib, amaliyotga joriy etilgani alohida e’tirof etildi. Bu esa bemorlarga tezkor va aniq tashxis qo‘yish, davolash sifatini yanada oshirish hamda tibbiyot xodimlari mehnatini yengillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, “Ochiq byudjet” loyihasida g‘oliblik qo‘lga kiritilishi natijasida muassasaning tashqi fasad qismi to‘liq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy arxitektura va sanitariya talablari asosida mutlaqo yangicha qiyofa kasb etdi. Muassasa hududida amalga oshirilgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, bemorlar hamda tibbiyot xodimlari uchun yaratilgan barcha qulayliklar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Seminarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri tibbiyot sohasini raqamlashtirish masalalariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar yangi tashkil etilgan Situatsion markaz faoliyati bilan yaqindan tanishib, uning imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot oldilar. Markaz orqali birlamchi tibbiy-profilaktika muassasalari faoliyatini masofadan turib tahlil qilish, xizmat sifatini monitoring qilish, elektron ma’lumotlar bazasini yuritish hamda boshqaruv qarorlarini tezkor qabul qilish imkoniyatlari yaratilgani ta’kidlandi.
Mutaxassislar tomonidan axborot tizimlaridan samarali foydalanish, elektron tibbiy hujjat aylanmasini takomillashtirish, raqamli tibbiyotda uchrayotgan ayrim muammolarni bartaraf etish, sun’iy intellekt va zamonaviy raqamli yechimlarni bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.

Seminar davomida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish, kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika ishlarini kuchaytirish, birlamchi tibbiy bo‘g‘in faoliyatini takomillashtirish hamda tibbiyot muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi. Tuman va shahar tibbiyot birlashmalari rahbarlari Olot tumanida yo‘lga qo‘yilgan samarali ish tajribalarini boshqa hududlarda ham joriy etish bo‘yicha muhim tavsiyalar oldi.
Seminar yakunida ishtirokchilar Olot tumanida sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, infratuzilmani yangilash, raqamli boshqaruvni yo‘lga qo‘yish va aholi uchun qulay tibbiy muhit yaratish borasida erishilgan natijalarni yuqori baholadilar. Ilg‘or tajribalarni viloyatning boshqa hududlarida ham keng ommalashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalq salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish va raqamli tibbiyotni jadal rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Olot tumanida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmali seminar esa ushbu ezgu islohotlarning amaliy ifodasi bo‘lib, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, sohada innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish va har bir fuqaroga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, sog‘lom inson — qudratli davlat, farovon jamiyat va yorug‘ kelajakning eng mustahkam poydevoridir.
Zarif Komilov, O‘zA