Harbiy xotin-qizlar “To‘maris izdoshlari” bellashuvida kuch sinashadi
Harbiy xizmat — yuksak mas’uliyat, qat’iyat va sadoqatni talab etadi. Bu mas’uliyatni sharaf bilan ado etayotgan xotin-qizlar safida Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchi ayollari ham bor.
Ularning kasbiy mahorati, jismoniy tayyorgarligi va irodasini namoyon etishga qaratilgan musobaqalar esa bu fazilatlarni yanada yuzaga chiqaradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan har yili oktabr oyida Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda faoliyat yuritayotgan harbiy xotin-qizlar o‘rtasida “Vatan mehri yuragimda” shiori ostida “To‘maris izdoshlari” nomli Respublika o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib kelinmoqda.

Mazkur bellashuvda Milliy gvardiya jamoasi tarkibini shakllantirish maqsadida tizimda ikki bosqichli saralash tanlovlari tashkil etildi. Yakuniy saralash bosqichi Milliy gvardiyaning Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi bazasida o‘tkazilib, unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda barcha viloyatlardan tashrif buyurgan 21 nafar gvardiyachi qiz beshta shart bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
Ishtirokchilar o‘zini tanishtirish, o‘q otish, pichoq uloqtirish, estafeta va savol-javob shartlarida bellashib, jismoniy tayyorgarlik, aniqlik, tezkorlik va bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Bellashuvlar yakuniga ko‘ra, belgilangan nominatsiyalar bo‘yicha 7 nafar harbiy xizmatchi g‘olib deb topilib, tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Shular qatorida Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Sarvinoz Muxtorova ham o‘z mahoratini namoyish etib, respublika bosqichida Milliy gvardiya sharafini himoya qilish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Uning ta’kidlashicha, bu bellashuv nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki harbiy xizmatchi uchun zarur bo‘lgan sabr, iroda va o‘z kuchiga ishonchni ham sinovdan o‘tkazadi.
—“Bu musobaqada ishtirok etish men uchun katta mas’uliyat. Har bir shartda o‘zimni sinab ko‘rdim va jamoaviy muhitda yanada ko‘p narsa o‘rgandim. Endi esa oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan respublika bosqichiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, Milliy gvardiya sharafini munosib himoya qilishga harakat qilaman”, — deydi Sarvinoz Muxtorova.
Endilikda Sarvinoz Muxtorova va saralangan boshqa harbiy xizmatchilar joriy yil oktabr oyida o‘tkaziladigan “To‘maris izdoshlari” Respublika o‘rtoqlik uchrashuvida Milliy gvardiya sharafini himoya qiladi. Ularning oldida yangi bosqich, yangi sinov va yanada yuksak mas’uliyat turibdi.
Zero, har bir bellashuv ortida — Vatanga sadoqat, kasbga fidoyilik va sharafli burch mujassam.
Nigora Rahmonova, O‘zA