Harbiy okrugda yangi o‘quv yili boshlandi
Dastlab harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining “Jangovar guruh yili” shiori ostidagi yangi o‘quv yilini boshlanishi munosabati bilan qo‘shinlarga yo‘llagan murojaati o‘qib eshittirildi.
Tantanali tadbirda so‘z olgan okrug qo‘shinlar qo‘mondoni polkovnik Rahmatullo Rahmonov o‘tgan o‘quv mavsumda erishilgan yutuqlarni e’tirof etib, qo‘shinlarni yangi marralarni zabt etishga ruhlantirdi va yangi o‘quv yilida qo‘yilayotgan talablarni sifatli bajarilishi uchun harbiy xizmatchilarga katta ishonch bildirildi.
Bundan tashqari o‘quv yili davomida askarlarni kasbga o‘qitish bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishga, harbiy texnika va qurol-aslahalarni mohirona boshqarishni o‘rganib, ularni shay va soz holatda ushlab turishga, turli vaziyatlarda to‘g‘ri qarorlar qabul qilish ko‘nikmasini oshirishga chaqirdi.
Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida milliy armiyamiz har qanday xavf-xatarga munosib zarba bera oladigan qudratli, tezkor va samarali kuchga aylandi. Jangovar tayyorgarlikning modernizatsiya qilingan, moslashuvchan tizimining joriy etilishi okrug qo‘shinlarida jangovar tayyorgarligi va jangovar qobiliyatini bir necha barobarga oshirilishiga xizmat qildi.
[gallery-29152]
Tantanali marosimdan keyin bo‘linmalarda o‘quv yilining ilk mashg‘ulotlari tashkil etildi. Unda dunyo va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat, harbiy intizom va harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash, harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan muomalada bo‘lganda xavfsizlik talablariga rioya etish borasida ma’ruzalar tinglanib, ko‘rgazmali mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.