Hamyurtimiz WBC Oliy kengashi a’zosi bo‘ldi
Shu kunlarda poytaxtimizda Butunjahon boks ittifoqi (WBC)ning 61-konvensiyasi o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston uchun mazkur konvensiyaning o‘ziga xos ahamiyatli jihati, mamlakatimiz sportining yana bir vakili xalqaro sport tashkilotining rahbarlik organidan o‘rin egalladi.
Butunjahon boks ittifoqi (WBC) tashkiliy qo‘mitasi qarori bilan bir necha yillar Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi prezidenti vazifasida faoliyat ko‘rsatgan, ayni paytda O‘zbekiston professional boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan hamyurtimiz G‘ofur Rahimov WBC Oliy kengashi a’zosi etib tayinlandi.

WBC tashkilotining yillik 61-konvensiyasi doirasida o‘tkazilgan hakamlar seminarida 50 dan ziyod davlatning 150 nafarga yaqin referilari qatorida 18 nafar o‘zbekistonlik hakamlar ham o‘z tajribalarini oshirmoqda.

–Jahon professional boksining eng nomdorlarini jamlagan, Tayson kabi o‘nlab jahon chempionlarini dunyoga tanitgan WBC tashkilotining yillik anjumani yurtimizda tashkil etilayotgani O‘zbekiston boks hayotida unutilmas voqealik bo‘ldi albatta. Ushbu tadbirda yuzdan ziyod davlatdan 500 nafardan ortiq boks mutaxassislari ishtirok etayotganining o‘zi O‘zbekiston katta sport mamlakatlaridan biriga aylanganidan dalolat. Bunday boks anjumanlari va uning tizimida o‘tadigan seminarlar, o‘quv-mashg‘ulotlar sababli murabbiylarimizda, hakamlarimizda xalqaro tajriba oshadi, — deydi boks bo‘yicha xalqaro toifadagi referi Rustam Majidov.

Bugun, 15 noyabr kuni anjuman doirasidagi ta’lim, doping, hakamlik, xalqaro munosabatlar, boks qoidalari, reytinglar, chempionlik kamarlari, xayriya va jamoat tashabbuslariga bag‘ishlangan ochiq va yopiq tarzdagi yig‘ilishlar, uchrashuvlar, mashg‘ulotlar davom etadi.

Kun davomida shuningdek, WBC prezidenti Maurisio Suleyman ishtirokida 17 noyabr kun o‘tadigan katta professional boks oqshomiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi.

Kun tartibiga binoan ertaga konvensiyada qatnashish uchun mamlakatimizga kelgan xorijiy davlat vakillari, taniqli bokschilarning qadim va hamisha navqiron Samarqand shahriga safari uyushtiriladi Shuningdek, jahon professional boks yulduzlari mamlakatimizda yosh bokschilarga o‘z mahorat saboqlarini ulashishi rejalashtirilmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA