Hamkorlikning yangi istiqbollari muhokama qilindi
Mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar har bir sohaning ijobiy rivojlanishiga olib kelmoqda. Ayniqsa, bunda xalqaro hamkorliklar alohida o‘rin tutmoqda. Qolaversa, amalga oshirilayotgan tashabbuslar markazida yoshlarning kelajagi mujassam.
Ana shunday xalqaro aloqalarning izchil davomi o‘laroq, Toshkent davlat transport universitetida Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ualid FUK hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi raisi Gulnoza Ismoilova bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Toshkent davlat transport universiteti va Fransiya tomoni o‘rtasida ta’lim, zamonaviy texnologiyalar hamda aviatsiya sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, universitetda tashkil etilgan “3D EXPERIENCHE” markazi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan grant muddatini yana bir yilga uzaytirish masalasi ko‘rib chiqildi. Ta’kidlash kerakki, mazkur markaz talabalarning zamonaviy raqamli texnologiyalar va muhandislik yechimlari bo‘yicha amaliy bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish uchun muhim ta’lim platformalaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, uchrashuvda aviatsiya sohasida kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Toshkent davlat transport universitetining 5 nafar talabasini Fransiyaning Airbus kompaniyasi hamda ENACH (Échole Nationale de l’Aviation Chivile, ya’ni Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabida) grant asosida o‘qitish imkoniyatlari muhokama qilindi. ENACH Fransiyada fuqaro aviatsiyasi sohasi uchun mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, aviatsiya muhandisligi, uchuvchilar tayyorlash, havo harakatini boshqarish va aviatsiya sohasining boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim beradi.
Shu jihatdan, universitet talabalarining ENACHda tahsil olish imkoniyati ularning xalqaro tajriba orttirishi va aviatsiya sohasida yuqori malakali mutaxassis sifatida shakllanishi uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Airbus kompaniyasi bilan hamkorlik doirasida talabalar uchun ta’lim va kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirish, mavjud loyihalarni rivojlantirish va belgilangan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi amaliy choralarni kelishib olishga e’tibor qaratildi.
Qayd etish lozimki, bu kabi hamkorliklar Toshkent davlat transport universitetida zamonaviy texnologiyalar asosida ta’lim sifatini oshirish, talabalar uchun xalqaro ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish hamda transport va aviatsiya sohalari uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Sherbek Islomov, O‘zA