G‘oyalar qanot yozsa – biznesga yo‘l ochiladi
Yoshlarning ilg‘or g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish, ularni tadbirkorlikka jalb etish va istiqbolli tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Chirchiq davlat pedagogika universitetida "Kreativ g‘oyalar yarmarkasi" o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan “Kreativ tadbirkor yoshlar” loyihasi doirasida tashkil etildi. Ko‘rgazmada yoshlar axborot texnologiyalari, muhandislik sohasidagi ishlanmalari, mahsulot va xizmatlarini taqdim etib, ularni rivojlantirish imkoniyatlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Gulshana Xudoyorova va Yulduzoy Mamadiyorova, O‘zLiDeP Toshkent viloyati Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev, Chirchiq shahar hokimi Murodjon Abdurahimov, “Maxam-Chirchiq” AJ boshqaruv raisi Hotam Saydaxmedov hamda universitet rektori G‘ofurjon Muhamedov ishtirok etdi.
– Loyihaning qamrovi keng, – deydi O‘zLiDeP Toshkent viloyat kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev. – Uning doirasida IT va sun’iy intellekt bo‘yicha o‘quv kurslari, tadbirkorlik va reklamaga oid mahorat darslari, “Yosh fermerlar tajriba maktabi”, hunarmandchilik ko‘rgazmalari hamda amaliy ustaxonalar tashkil etilishi nazarda tutilgan. Bu yo‘nalishlar turli qiziqish va qobiliyatga ega yoshlarga o‘z imkoniyatini sinab ko‘rish, kasb o‘rganish va daromad manbaini yaratishga yo‘l ochadi.

Deputatlar ishtirokidagi ochiq muloqotlar va maxsus qabullar esa yoshlarning taklif hamda muammolarini bevosita eshitish imkonini berdi. Kitob muhokamalari, sport musobaqalari va ko‘kalamzorlashtirish aksiyalari orqali ularning ma’naviy dunyoqarashi, sog‘lom turmush tarzi va ekologik madaniyatini rivojlantirish ham loyihaning muhim yo‘nalishlaridandir.

Toshkent viloyatining barcha tuman va shaharlaridagi yoshlarni qamrab olishga mo‘ljallangan mazkur tashabbusning ahamiyati shundaki, u yoshlarni o‘z kelajagi uchun mas’uliyat olishga, bilimi va mehnati bilan yangi imkoniyatlar yaratishga chorlaydi. Chirchiqdagi g‘oyalar yarmarkasi ana shu intilishlarni namoyon etadigan, tashabbuslarni amaliy maqsadlar bilan bog‘laydigan maydon bo‘ldi.
Yakunda ko‘rgazmaning faol ishtirokchilari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A. Musayev, O‘zA