Boboyurtliklarning orzusi ro‘yobga chiqdi
Boyovut tumanining Boboyurt mahallasi ahli Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida quvonchli voqeaga guvoh bo‘ldi. Ko‘p yillar davomida tor va noqulay sharoitda faoliyat yuritib kelgan mahalla fuqarolar yig‘ini uchun zamonaviy, barcha qulayliklarga ega yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi.
Shu vaqtga qadar Boboyurt mahalla fuqarolar yig‘ini 10-sonli umumta’lim maktabining kichik va tor xonasida joylashgan bo‘lib, bu holat mahalla xodimlari, «mahalla yettiligi» a’zolari hamda aholi uchun qator noqulayliklarni keltirib chiqarayotgan edi. Fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va ularga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun mavjud sharoit talab darajasida emasdi.
Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida «Tashabbusli byudjet» loyihasi doirasida mahalla aholisi tomonidan taklif ilgari surildi. Fuqarolarning faol ovoz berishi natijasida loyiha g‘olib deb topilib, davlat byudjeti hisobidan 1 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Ushbu mablag‘lar evaziga Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida «Siroj-Nodir hamkorlik» MCHJ tomonidan zamonaviy mahalla fuqarolar yig‘ini binosi va mahalla guzari barpo etildi.
Yangi binoda aholini qabul qilish xonalari, mahalla raisi va tizim xodimlari uchun xizmat xonalari, yig‘ilishlar zali hamda xotin-qizlarni kasbga o‘qitish va ularning bandligini ta’minlashga mo‘ljallangan tikuvchilik xonasi tashkil etildi. Barcha xonalar zarur jihozlar bilan ta’minlanib, aholiga yanada sifatli va qulay xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Yangi binodan foydalanishga topshirish marosimida Boyovut tumani hokimi Niyoz Hazratqulov, mahalla faollari, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi mahalla ahlini yangi binoning ochilishi hamda yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan samimiy tabriklab, keyingi yillarda mamlakatimizda mahalla institutini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va tizim xodimlari uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
[gallery-30549]
— Eng asosiysi, ko‘p yillik orzuimiz ushaldi. Bunday sharoit yaratib berilgani uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorchilik bildiramiz, — deydi mahalla raisi Shavkat Mustafoqulov.
Bugungi kunda Boboyurt mahallasida 5 228 nafar aholi istiqomat qiladi. Keyingi yillarda mahalla infratuzilmasini yaxshilash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, Prezidentning 2025-yil 6-martdagi «Sirdaryo viloyatining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida Shohi Zinda, Turkman, Obod diyor, Sayhun, Adolat, Boyovut, Musaffo va Sulton hovuzi kabi ko‘chalar orqali o‘tuvchi qariyb 12 kilometr ichki yo‘l ta’mirlanib, asfalt-beton qoplamasi yotqizildi. Ayni paytda mahallaning yana bir ichki ko‘chasida yo‘l-qurilish ishlari davom etmoqda.
Mahalla hokim yordamchisi Sherzod Urishovning aytishicha, mahallada 1 343 nafar yosh istiqomat qiladi. Yoshlarning asosiy qismi doimiy yoki mavsumiy ish bilan ta’minlangan. Mahallaning asosiy iqtisodiy yo‘nalishi qishloq xo‘jaligi va chorvachilik bo‘lib, aholi tomorqa hamda dehqonchilik uchun ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanib kelmoqda. Kartoshka, mosh va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish orqali oilalar daromadi va dasturxon to‘kinligi ta’minlanmoqda.
Ayni kunlarda mahallada Prezident tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» doirasida ham keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Mahalla faollari, yoshlar va mas’ul tashkilotlar vakillari hamjihatlikda ko‘chalar, jamoat joylari va yashil hududlarni tartibga keltirish, sanitariya holatini yaxshilash ishlarida faol ishtirok etmoqda.
Yangi mahalla binosi, ta’mirlangan ichki yo‘llar va amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari Boboyurt mahallasida aholi turmush sifati va hayot farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu ezgu ishlar Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida mahalla ahli uchun munosib bayram tuhfasiga aylandi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA