Gimnastika bo‘yicha videoroliklar tanlovi o‘tkazilmoqda
Davlatimiz rahbarining “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, aholi o‘rtasida, ayniqsa, yoshlar orasida gimnastika sport turlariga qiziqishni oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qarorda ijtimoiy tarmoqlarda gimnastika sport turlari bo‘yicha tanlovlar o‘tkazish orqali qiziquvchilar qamrovini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Xo‘sh, bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Sport vazirligi axborot xizmati rahbari Nurbek Salomov shu haqda so‘zlab berdi:
– Aholi o‘rtasida sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, akrobatika yo‘nalishlarining ommaviyligini oshirish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish tizimini takomillashtirish, xalqaro talab va standartlar asosida professional sportchilarni tayyorlash orqali milliy terma jamoalarimizning nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishishini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri sanaladi. Shu maqsadda Sport vazirligi, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan hamkorlikda gimnastikaga oid videoroliklar tanlovi e’lon qilingandi. O‘tgan davr mobaynida ushbu tanlovda qatnashish uchun mamlakatimizning turli hududlaridan 20 ga yaqin hujjatlar kelib tushdi. Ayni kunlarda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tanlov nizomiga muvofiq mualliflik videoroliklari orasidan eng yaxshi deb topilgan 3 ta ijodiy ish tanlab olinadi va munosib tarzda taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA