G‘ijduvon kulolchiligi — milliy meros
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumaniga xos bo‘lgan mashhur “G‘ijduvon kulolchilik buyumlari”ning geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi milliy hunarmandchilik san’ati tarixida muhim voqea bo‘ldi. Bu nafaqat qadimiy kulolchilik maktabining huquqiy muhofazasini ta’minlaydi, balki uning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Azaldan hunarmandchilik markazlaridan biri sifatida tanilgan G‘ijduvon kulolchilik maktabi o‘zining noyob uslubi, betakror naqshlari va tabiiy xomashyolardan foydalanishga asoslangan an’anaviy texnologiyalari bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Asrlar davomida shakllangan bu maktab nafaqat amaliy san’at namunasi, balki xalqning estetik didi, ma’naviy qarashlari va boy madaniy merosining yorqin ifodasidir.

G‘ijduvon kulollari tomonidan yaratiladigan buyumlar tabiiy sof tuproq, mahalliy rangli gillar, tabiiy bo‘yoqlar va ishqor siridan tayyorlanishi bilan qadrlanadi. Ana shu tabiiylik har bir mahsulotga o‘ziga xos jilo va mustahkamlik bag‘ishlaydi. Ayniqsa, och yashil, jigarrang va ko‘k ranglar uyg‘unligida yaratilgan kulolchilik asarlari milliy naqshlar bilan bezatilib, o‘zbek amaliy san’atining betakror namunasi sifatida e’tirof etiladi.

Ushbu maktabga xos “Mehrobi”, “Parragul”, “Madohil”, “Lo‘ndagul”, “Guli bodom” va “Lolagul” kabi an’anaviy naqshlar asrlar osha sayqallanib kelgan badiiy meros hisoblanadi. Bugungi kunda 60 ga yaqin mahsulot turlari va 300 dan ortiq barqaror naqsh kompozitsiyalari avloddan-avlodga o‘tib, milliy qadriyatlarimizning uzviy qismiga aylangan.

G‘ijduvon kulolchilik san’atining yana bir muhim jihati — uning ustoz-shogird an’analari asosida saqlanib kelayotganidir. Uch asrlik tarixga ega Narzullayevlar sulolasi vakillari bugun ham ushbu qadimiy maktab an’analarini munosib davom ettirib, milliy hunarmandchilikni yangi avlodga yetkazmoqda. Ularning mehnati tufayli G‘ijduvon kulolchiligi nafaqat yurtimizda, balki jahon miqyosida ham e’tirof etilmoqda.

“G‘ijduvon kulolchilik buyumlari”ning geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi mazkur mahsulot nomi, uning kelib chiqishi, tayyorlash usuli va tarixiy an’analarining huquqiy himoyasini ta’minlaydi. Shu bilan birga, bu milliy brendni xalqaro bozorlarda keng targ‘ib qilish, hunarmandlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va madaniy turizm salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Qadim an’analar va zamonaviy ehtiyojlar uyg‘unlashgan G‘ijduvon kulolchilik maktabi bu nafaqat hunar, balki millat ruhi, tarix va san’atning jonli ifodasidir. Uning har bir namunasida ajdodlar tafakkuri, mehnati va nafosatga bo‘lgan yuksak ehtiromi mujassam.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri