Germaniya elektr tarmog‘iga hujum: jinoyatchi xat qoldirgan
DW axborot agentligi xabar berishicha, Vaysvayler elektr stansiyasi yaqinida politsiya Germaniya energetika infratuzilmasi tarkibidagi bir necha ishga tushirish qurilmasi va energiya ob’ektiga uyushtirilgan hujum bo‘yinga olingan xat topdi. Gumonlanuvchi qidirilmoqda.
Dushanba kuni kechqurun Axen yaqinida bir necha moslama topilgan. Politsiya yaqin atrofdan egasi energiya majmuasiga qilingan hujum uchun javobgarlikni zimmasiga olgan maktub topgan. Bu haqda Kyoln mahkamasi bugun ertalab xabar berdi.
Huquq-tartibot idoralari ma’lumotiga ko‘ra, kecha soat 21:00 atrofida elektr stansiyasi hududida chaqnash kuzatilgan va gumburlagan ovoz eshitilgan. Qorong‘i tushgani va qalin o‘simliklar xalaqit bergani bois tunda hududni ko‘zdan kechirish to‘xtatilgan va ish ertalab davom ettirilgan.
Tergovchilar voqea sodir bo‘lgan hududda dalil to‘plab, gumonlanayotgan jinoyatchini qidiryapti. Majmua yaqinidagi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tizimida amaliyot o‘tkazish uchun tezkor bo‘linma xodimlari qo‘shimcha ravishda jalb qilingan. Boshqa ishga tushirish qurilmalari aniqlangan taqdirda portlatish texnikasi mutaxassislari voqea joyida navbatchilik qilyapti. Shuningdek, teplovizorli dron ham ishga tushirilgan. Taxmin qilinayotgan hujum natijasida jarohatlanganlar aniqlanmagan.
Uchinchi e’tirof xati
Avvalroq politsiya Brandenburg va Shimoliy Reyn-Vestfaliyadagi elektr mitti stansiyalariga hujum uyushtirilgani da’vo qilingan ikki qo‘lyozma haqida ma’lumot bergan edi. Nomani yozgan kishi bu qadamini energiya ishlab chiqarishda qazib olinadigan yonilg‘idan foydalanishga qarshi kurash bilan izohlab, yolg‘iz harakat qilganini ta’kidlagan. Politsiya taktik sababga ko‘ra, yangi maktub tafsilotini oshkor etmayapti.
Sentyabr oyi boshidan beri Germaniyada energetika infratuzilmasiga bir necha bor zarba berilgan. Ya’ni, GFRdagi eng yirik issiqlik elektr stansiyalaridan biriga xizmat ko‘rsatuvchi Brandenburg mitti stansiyasi va Shimoliy Reyn-Vestfaliyadagi Bergxaym podstansiyasi hujumga uchragan. Dormagen va Axen yaqinidagi kichikroq majmualar esa navbatdagi nishon nuqtalari ekanini isbotlaydigan buyumlar topilgan.
5-sentabr kuni Drezden bosh prokuraturasi Saksoniyadagi ikki elektr podstansiyasi yaqinida, yuqori kuchlanishli tizim o‘tgan hududda 12 ta portlovchi moslama topilgani xususida axborot bergan.
Gumondor qidiruvda
Xatlar muallifi gevelsberglik 48 yoshli Daniel V. ekani aniqlandi. Uning xonadoni tintuv qilinganda portlovchi moddalar – kaliy nitrat va kaliy perxlorat topilgan. Gumondor yashiringan, keyinroq politsiya uning o‘rmondagi avto turargohdagi mashinasini tanigan. Shundan beri Daniel butun Yevropa bo‘ylab qidirilmoqda. Brandenburg politsiyasi jinoyatchi velosipedda harakatlanayotganini taxmin qilyapti.
Hukumat hodisaga "iqlim ekstremizmi" sabab, deb hisoblaydi. Hujumga uchragan barcha ob’ektlar elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan qo‘ng‘ir ko‘mir qazib olinadigan hududlarda joylashgan.
Abdug‘afur Mamatov,
O‘zA