Tojikiston hududida O‘zbekiston tajribasi asosida g‘o‘za yetishtirilmoqda
Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va agrotexnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Tojikistonda bo‘lib, jami 50 gektar maydondagi g‘o‘za holatini bevosita dalada tahlil qildi.
Bugungi kunda ushbu maydonlarda O‘zbekiston tajribasi asosida “Shinjon” usulida g‘o‘za yetishtirilmoqda. Ekin maydonlari uch asosiy hududga bo‘lingan: Sug‘d viloyati Bobojon G‘ofurov tumanida 25 gektar, Hisor tumanidagi tajriba maydonida 10 gektar hamda “Merganteks” MCHJ maydonida 15 gektar.
Eng ko‘p e’tibor qaratilgan maydonlardan biri “Buxoro agroklaster” tomonidan parvarishlanayotgan 25 gektarlik dala bo‘ldi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Bu yerda mutaxassislar 12 gektar maydonda ortiqcha sug‘orish sabab g‘o‘za haddan tashqari bo‘y cho‘zib ketganini kuzatishdi. Qolgan qismida esa vaziyat barqaror, o‘simliklar me’yorida rivojlanmoqda. Mutaxassislar bunday holat hosilga bevosita ta’sir qilishini ta’kidlab, muhim tavsiyalar berdi.
Hisor tumanidagi 10 gektarlik tajriba maydoni esa o‘ziga xos “ochiq laboratoriya”ga aylangan. Bu yerda O‘zbekiston va Tojikiston navlari – Porloq-4, Ravnaq-1, Dang‘ara va Xo‘jand sinovdan o‘tkazilmoqda. Dalada kuzatilgan eng e’tiborli holatlardan biri ayrim o‘simliklarda ko‘saklar soni 20–25 tagacha yetgani bo‘ldi. Bu esa to‘g‘ri agrotexnika qo‘llanganda natija sezilarli darajada yaxshilanishini yana bir bor tasdiqladi.
Shu bilan birga, mutaxassislar ortiqcha vegetativ o‘sishni cheklash uchun mexanik chilpish va keyingi bosqichda maxsus preparatlar bilan ishlov berishni tavsiya qildi.
O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligida Tojikiston hududida yetishtirilayotgan g‘o‘za maydonlari bevosita dalaning o‘zida o‘rganildi. Hosildorlikni oshirish va paxtaning pishishini tezlashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA