Al-Ninyo tufayli 2027-yil harorat rekord darajaga chiqishi mumkin
Avstraliyalik iqlimshunos, ARC XXI asr ob-havosi bo‘yicha mukammallik markazi xodimi Andrea Tashetto "RIA Novosti"ga bergan intervyusida okean yuzasi isib ketishi oqibatida 2027-yil Al-Ninyo iqlim hodisasi eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarilib, global harorat rekordi o‘rnatilishi mumkin, dedi.
– Dunyo bo‘ylab dengiz yuzasi harorati hozir juda yuqori, 2026-yil may oyida rekord qayd etildi, – dedi u. Al-Ninyo cho‘qqisi odatda tropik Shimoliy Atlantika va Hind okeanida ko‘tarilish orqali global o‘rtacha haroratni oshiradi. Shuning uchun agar kelgusi yil harorat rekordi o‘rnatsa, ajablanmaymiz.
Shuningdek, olim Al-Ninyo eng yuqori jadallikni qachon namoyon etishi haqida ham fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, hozirgi Al-Ninyo ob-havo hodisasi 2026-yil dekabr oyida eng yuqori cho‘qqisiga chiqadi va keyin 2027-yil fevral-may oylarida zaiflasha boshlaydi.

– Tarixan Al-Ninyo odatda yil oxiri – dekabrda eng yuqori cho‘qqisiga chiqib, Shimoliy yarim sharda fevraldan maygacha – qish oxiri va bahorda pasayadi, – deya fikrini davom ettiradi olim. – Hozirgi Al-Ninyo rivojlanishning anchayin mumtoz belgilarini ko‘rsatmoqda. Demak, rivojlanish, cho‘qqiga chiqish va kutilganidek, keyin zaiflashish yuz beradi.
Iqlimshunos fikricha, Al-Ninyo 2026-yil oxirigacha davom etishini ifodalagan ko‘rsatkich allaqachon kuzatilmoqda. Xususan, tropik Tinch okeanidagi dengiz sathi harorati kutilganidan yuqori va Al-Ninyo rivojlanishi bilan ko‘tarilish yana davom etadi.

Ekvatorial Tinch okeanidagi suv harorati g‘ayri tabiiy darajada ko‘tariladigan tabiiy hodisa bo‘lmish Al-Ninyo isish okean va atmosfera o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni o‘zgartiradi va sayyoramiz bo‘ylab iqlim o‘zgarishi zanjirini keltirib chiqarishi mumkin.
Bunda ba’zi mintaqalarda qurg‘oqchilik ehtimoli ortadi, boshqalarida esa namroq sharoit, kuchli yog‘ingarchilik kuzatiladi.
S.Rahimov, O‘zA