FVV: “Dolzarb 60 kun” doirasida yong‘in xavfsizligi choralari kuchaytirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda respublikada yong‘inlarning oldini olish va aholi o‘rtasida yong‘in xavfsizligi madaniyatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, respublikamizda 1-iyuldan 30-avgustga qadar yoz mavsumida yong‘inlarning oldini olish yo‘nalishida “Dolzarb 60 kun” profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Anjumanda oylik doirasida respublikada favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar hamda yoz mavsumida xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ham axborot berildi.
Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan sohaga oid qaror va farmonlari asosida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.

Jumladan, davlat nazorati inspektorlari mahallalarga biriktirilib, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimi joriy etildi. Inspektorlar uchun mahallalarda xizmat xonalarini tashkil etish ishlari bosqichma-bosqich davom etmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida vazirlik tomonidan 55 ming 441 ta ob’ekt, qariyb 2 million yakka tartibdagi uy, 44 mingdan ortiq ko‘p xonadonli uy hamda 1,5 millionga yaqin xonadonda profilaktik o‘rganishlar o‘tkazildi.

Shuningdek, aholi o‘rtasida xavfsizlik madaniyatini shakllantirish maqsadida 127 mingdan ortiq profilaktik uchrashuv va suhbatlar tashkil etildi. Ularda 6 milliondan ziyod fuqaro ishtirok etdi.
Yoz mavsumida havo haroratining keskin oshishi munosabati bilan yong‘inlar va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar xavfi ortishi inobatga olinib, 2026-yil 1-iyuldan 30-avgustga qadar respublika bo‘ylab “Dolzarb 60 kun” profilaktik tadbiri e’lon qilindi.

Mazkur tadbir doirasida aholi turar joylarida elektr va gaz jihozlaridan xavfsiz foydalanishni nazorat qilish, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, energiya ta’minoti ob’ektlari, bozorlar va savdo komplekslarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, o‘ta muhim va xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida profilaktik choralarni kuchaytirish kabi tadbirlar amalga oshirildi.
Shuningdek, dam olish maskanlari va oromgohlarda xavfsizlikni ta’minlash, o‘rmon xo‘jaliklarida yong‘inlarning oldini olish, test sinovlari o‘tkaziladigan binolarning yong‘inga qarshi holatini talab darajasiga keltirish kabi ustuvor vazifalar belgilangan.

Tadbirlarni hududlarda samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligining Tezkor shtabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA