“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ: Andijonda 12 xodimga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Energetika sohasida qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirilmoqda. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Ichki audit va komplayens nazorat xizmati tomonidan o‘tkazilayotgan o‘rganishlar davomida bir qator hududlarda elektr hisoblagichlarni o‘rnatish hamda elektr energiyasidan foydalanish bilan bog‘liq qonunbuzilishlar aniqlandi.
Jumladan, jamiyatning Andijon va Samarqand filiallarida elektr energiyasi hisoblagichlarining iste’molchilarga qonunchilik talablariga muvofiq o‘rnatilishi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida bir qator qonunbuzilishlar fosh etildi.
Andijon filialida elektr hisoblagichlarni o‘rnatish jarayonida qonunchilik talablari buzilgani, shuningdek, hisoblagichlar kamomadiga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Mazkur holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli tartibda xabar berildi. Natijada qonunbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinayotgan 12 nafar xodimga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Ayni paytda jamiyatga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Samarqand shahridagi tekshiruvlar davomida esa elektr hisoblagichlarining ayrim iste’molchilarga jamiyat mablag‘lari hisobidan noqonuniy ravishda o‘rnatilgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu holat yuzasidan ham huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilgan bo‘lib, yetkazilgan zararni qoplash choralari ko‘rilmoqda.
Nazorat tadbirlari davomida Sirdaryo viloyatida ham yirik qonunbuzilish holati aniqlandi. Mirzaobod tumanida o‘tkazilgan reyd vaqtida “B. F.” fermer xo‘jaligi elektr hisoblagichini chetlab o‘tib, tarmoqqa noqonuniy ulangan holda elektr energiyasidan foydalangani ma’lum bo‘ldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qonunbuzarlik oqibatida elektr ta’minoti korxonasiga 1,8 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish va qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Energetika vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, bunday tekshiruvlar elektr tarmoqlarida shaffoflikni ta’minlash, davlat mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish maqsadida izchil davom ettiriladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA