Futzal: Hal qiluvchi bahsda raqib – Xitoy terma jamoasi
Bugun, 10 may kuni Xitoyning Xux-xoto shahrida ayollar o‘rtasidagi Osiyo kubogi guruh bosqichining so‘nggi, hal qiluvchi uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
"A" guruhidan ishtirok etayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi 3-turda musobaqa mezboni — Xitoy terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Xitoyliklar dastlabki ikki o‘yinda g‘alaba qozonib, guruhdan chiqishni allaqachon kafolatlagan. O‘zbekiston terma jamoasi esa chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun bugungi bellashuvda kamida bir ochko qo‘lga kiritishi lozim. Durang natija ham "play-off" bosqichiga yo‘l olish uchun yetarli bo‘lishi mumkin.
Musobaqa reglamentiga ko‘ra, guruh bosqichida 1 va 2-o‘rinni egallagan jamoalar, shuningdek, eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan ikki nafar 3-o‘rin sohiblari chorak finalga yo‘l oladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi guruh bosqichining ilk turida Xitoy Taypeyi terma jamoasiga 1:6 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, ikkinchi turda Avstraliyani 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Osiyo kubogi bahslari 17 mayga qadar davom etadi. Ushbu turnirda kuchli uchlikdan joy olgan terma jamoalar joriy yilning noyabr oyida Filippinda o‘tkaziladigan ayollar futzali bo‘yicha ilk Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
Terma jamoamizga muhim bahsda omad tilaymiz!
T.Ro‘ziyev, O‘zA