Futzal: 6-tur bahslari yakuniga yetdi
Futzal bo‘yicha Qarshi shahrida o‘tgan O‘zbekiston chempionati oliy ligasi jamoalari o‘rtasidagi 6-tur bahslari yakunlandi.
Odatdagidek, jamoalar ushbu turda ham 2 guruhga bo‘lingan holda, 3 tadan uchrashuvda ishtirok etdi.
O‘zbekistonning amaldagi chempioni va kubogi soxibi Jizzaxning “Jizzax Kenteks” klubi 6-turning ilk bahsini Toshkentning “Paxtakor” jamoasiga qarshi o‘tkazdi. Uchrashuvning 7-daqiqasida jizzaxlik Dilshod Rahmatov tomonidan kiritilgan yagona gol “Jizzax Kenteks” jamoasiga kichik – 1:0 hisobidagi g‘alabani taqdim etdi.

6-turning 2-uchrashuvida Bahodir Ahmedov shogirdlari poytaxtning yana bir jamoasi “Lokomotiv”ga qarshi maydonga tushdi. “Jizzax Kenteks” futzalchilaridan Dilshod Rahmatov, Elbek To‘lqinov, Ilhom Hamroyev, Sunnat Jo‘rayevning 4 ta goliga qarshi jamoa biror marta ham javob qaytara olmadi. “Lokomotiv” – “Jizzax Kenteks” yakuniy hisob – 0:4.

Ushbu turning so‘ngi, 3-uchrashuvida maydon egalari “Nasaf” jamoasiga qarshi to‘p surgan “Jizzax Kenteks” yirik 2:8 hisobdagi g‘alabani nishonladi. Kiritilgan gollarga “Nasaf” jamoasidan Jasur Halimov hamda Oybek Polvonov mualliflik qilgan bo‘lsa, jizzaxlik futzalchilardan Elbek To‘lqinov (2 bor), Sunnatulla Jo‘rayev, Ilhom Hamroyev, Farhod Abdumavlonov hamda Dilshod Rahmatov raqiblari darvozasiga 8 marta gol kiritdi.

Ushbu guruhdagi 6-turning qolgan o‘yinlarida quyidagi natijalar qayd etildi: AGMK (Olmaliq) –“Lokomotiv” – 1:1, BMB (Toshkent) – “Nasaf” – 3:0, “Paxtakor” – BMB – 0:3, “Nasaf” – AGMK – 2:9, “Lokomotiv” – BMB – 1:3, “Paxtakor” – AGMK – 6:8.
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston chempionati oliy ligasi to‘purarlar bahsida “Jizzax Kenteks” klubi a’zosi Dilshod Rahmatov 15 ta gol bilan peshqadamlik qilmoqda.

BMB jamoasi a’zolari Muzaffar Ahadjonov, Husniddin Nishonov hamda AGMK futzalchisi Abdulla Solihov hisobida 14 tadan gol mavjud.
Mamlakat chempionatida ishtirok etayotgan 12 ta futzal jamoalarning barchasi 6 turda 16 tadan o‘yin o‘tkazdi. Ana shuncha uchrashuvni 14 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat bilan o‘tkazgan Toshkentning BMB futzalchilari 43 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida karvonboshilik qilmoqda.
2-pog‘onada borayotgan “Jizzax Kenteks” hisobida shuncha o‘yindan so‘ng 41 ochko mavjud bo‘lsa, 3-pog‘onadagi Kogonning “Oil Star” klubi hisobida 37 ochko bor. Turnir jadvalining so‘ngi pog‘onasini 6 ochko bilan Qarshining “Nasaf” klubi egallab turibdi.
A.Qayumov, O‘zA