Futbolchilar maoshining minimal summasi oshiriladi
O‘zbekiston Professional futbol ligasi klublari futbolchilar bilan tuziladigan mehnat shartnomalarida O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan summada maosh belgilash lozimligini bildirdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, professional futbol klublarida oylik-maoshlarning yuqori miqdori oshishda davom etmoqda. Biroq, yosh iqtidorlarni rag‘batlantirish masalasida qator muammolar borki, bu, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori ko‘rinishida maosh olayotgan futbolchida faoliyati bilan bog‘liq bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Shu sababli, O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamda O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi hamkorlikda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga mazkur masalada qo‘shma taklif kiritdi.
Hozirda “Futbolchilar maqomi va transferi bo‘yicha reglament”ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ustida ish olib borilmoqda. Bunda professional futbolchi maqomi qayta ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, mashg‘ulot kompensatsiyasi va shu bilan bog‘liq masalalar yanada aniqroq ko‘rinishda tartibga solinishi nazarda tutilmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA