Futbol: Olimpiya maydonlarida O‘zbekiston ruhiyati
XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining guruh bosqichining so‘nggi 3-turida O‘zbekiston futbolida tarix yaratgan olimpiyachilarimiz Dominikan Respublikasi bilan kuch sinashadi.
Afsuski, futbolchilarimiz Olimpiya o‘yinlarining «S» guruhidan keyingi bosqichga chiqa olmadi.
Jahon futbolining haqiqiy professionallaridan biri Ispaniya bilan teng kurashda omadi chopmagan, yashil maydon qirollaridan biri Salohni kamolga yetkazgan Misrning Braziliya futboliga xos taktikasini chippakka chiqara olmagan olimpiyachilarimizning okean orti jamoasi bilan o‘yiniga futbol muxlislarimiz go‘yoki, e’tiborsizdek.
Ha, bizning olimpiyachilarimiz guruh bosqichida omadsizlikka uchradi. Lekin tarixiy natija – Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqini katta mashaqqat, mehnat, izlanish, ruhiy va jismoniy zo‘riqish, chuqur texnik-taktik xatti-harakatlarni bir maqsad atrofida jam etgan holda qo‘lga kiritgani va bu jahon futbolining gigant maydonlari sari tashlagan ilk sobit qadam bo‘lganini ham tan olishimiz kerak, nazarimda.

Bundan o‘n yillar emas, yaqin yillarda ham to‘rt yillikning eng muhim kompleks musobaqasi bo‘lgan Olimpiada maydonlarida, dunyo futbolining eng nomdorlari to‘p tepgan stadionlar uzra «O‘zbekiston, O‘zbekiston, O‘zbekiston», deya o‘zbek futbol fanatlarining olqishi yangraydi, desa kim ishonardi. Rosti, oddiy muxlislar tugul, millionlar o‘yinining haqiqiy professorlari ham «bunday ulkan proyektni amalga oshirish uchun xalqniku qo‘ya turing, davlatning ham siyosiy-iqtisodiy kuch qudrati yetmaydi», deya ro‘yi-rost aytardi. Kerak bo‘lsa, uning tub mohiyatini o‘zining zakovati holatida isbotlab ham berardi. Ammo o‘sha kimlarningdir nazdida yetishib bo‘lmaydigan manzillarga bugun yetib bordik.

Bu, so‘zsiz yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli rivojlanish, dunyoga ochiq nigoh bilan qarash, yillar davomida qotib qolgan imkoniyatlar eshiklari ochilgani bilan amalga oshdiki, bugun bu mujdani ko‘pchiligimiz hali to‘la-to‘kis anglab yetganimizcha yo‘q.
To‘g‘ri, futbol jamoamiz Olimpiya o‘yinlarining ilk bosqichida to‘xtatildi. Biroq O‘zbek futbolining qaldirg‘och olimpiyachilari Ispaniya bilan ham, Misr bilan ham teng kurashlar, kerak bo‘lsa qaysidir holatlardagi ustunlikka erishgan holda kuch sinashganini dunyo ko‘rdi, e’tirof etdi.

Barchasidan ham muhimi, Olimpiya o‘yinlarining shiddatli, ruhiy va jismoniy, siyosiy va madaniy kurashlarga boy maydonlariga yuzlab fanatlarimiz, sportimiz fidoyilari O‘zbekiston ruhiyatini olib kirdi. Uning tafti, hali yillar davomida bot-bot yod etilishi, turli rakurslarda namoyish etilishi tayin. Ayni shu holat xalqimizning birligi, yagona maqsad atrofida jips bo‘lib borayotganligidan emasmi? Bugungi o‘yin qanday natijada yakunlanmasin, o‘zbek futbolining shiddatli davri boshlangani barchamizga muborak bo‘lsin.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA