Futbol. Mavsumga tayyorgarlik qanday ketyapti?
Futbol muxlislarining bugungi kun dolzarb qiziqishlari Superliga jamoalarining tayyorgarligi, kimlar kelib, kimlar ketayotganligi kabi masalalar ekanligi sir emas. Bosqichma-bosqich bu boradagi ma’lumotlarni berib borishga harakat qilamiz.
Milliy chempionatimiz Superliga jamoalari yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishni allaqachon boshlab yuborgan. Kimdir o‘tgan yilning so‘nggi o‘nkunligida, kimdir joriy yil boshidan mashg‘ulotlarga kirishgan bo‘lsa, bugundan «Metallurg» a’zolari ham sport kiyimlarini kiyib, maydonga tushishdi. Taraddudga kirishmagan birgina «Surxon» jamoasi qoldi.
«Paxtakor» – yangi mavsumga tayyorgarlik 8 yanvardan klubning Qibray shahridagi qarorgohida boshlandi. Yig‘inning ikkinchi bosqichi 5 – 20 fevral oralig‘ida Turkiyaning Antaliya shahrida davom ettiriladi. Turgan gapki, bu davrda o‘rtoqlik uchrashuvlari ham uyushtiriladi. Ayni paytdagi rejaga ko‘ra «sherlar» 10, 15 va 19 fevral kunlari Moskva, Tbilisi va Kiyevning «Dinamo» jamoalariga qarshi maydonga tushadi. Jamoani bosh murabbiy, gollandiyalik Piter Xyuistra va uning yordamchilari Gocha Tkebuchava va Laslo Yambor, futbolchilardan esa Yegor Krimes tark etgan. Bosh murabbiylik vazifasida Shimoliy makedoniyalik Slavche Voyneski ish boshladi. Darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankov ham o‘zining jonajon jamoasiga qaytdi. Shuningdek, o‘tgan mavsumda «Bunyodkor»da to‘p surgan Mirjahon Mirahmadov ham bundan keyin «Paxtakor» libosida faoliyat yuritadigan bo‘ldi.

«So‘g‘diyona» – mavsumga tayyorgarlik ishlari 4 yanvardan Toshkent shahrida boshlandi. Yopiq tarzda olib borilayotgan mashg‘ulotlar jarayonida o‘tgan yilgi tarkibdan Jamshid Boltaboyev, Ergash Ismoilov ishtirok etmayapti, ular o‘z omadlarini boshqa jamoalardan izlashni ma’qul topishgan. Aksincha, o‘tgan mavsumda Belarusning «Energetik» klubida to‘p surgan Doniyor Abdumannopov, «Lokomotiv»da o‘ynagan Marat Bikmayev ayni paytda «So‘g‘diyona» yig‘inida paydo bo‘lishgan.
AGMK – jamoa ortda qolgan yilning so‘nggi o‘n kunligida dastlabki yig‘inini o‘tkazgan edi. Yangi yildagi dastlabki yig‘in 5 yanvardan boshlandi. Toshkent shahrida sun’iy maydonlarda kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlar olib borilyapti. Ketganlardan Abbos Otaxonov «Metallurg»da, Husniddin G‘ofurov «Neftchi»da, Bobur Yo‘ldoshev «Qizilqum»da faoliyatini davom ettirishni istashgan, tarkibda shuningdek, Dilshod Jo‘rayev ham ko‘rinmayapti. Ketganlar o‘rni yanada tajribaliroq futbolchilar bilan to‘ldirilgan. Jumladan, «Paxtakor»dan Anzur Ismoilov, «Bunyodkor»dan Abdulla Abdullayev va Xurshid G‘iyosov, o‘tgan mavsumda Tojikistoning «Istiqlol» klubida o‘ynagan Andrey Mishchenko AGMK bilan shartnomalarga imzo chekishdi...
Izoh: Nomlari qayd etilgan futbolchilar mashg‘ulotlarda qatnashishmoqda, ba’zilari shartnomalar tuzishga ham ulgurishgan. Biroq qachonki O‘zPFL ro‘yxatidan o‘tsa va litsenziyani qo‘lga kiritgan taqdirdagina qonuniy hisoblanadi.