Futbol: Klublar o‘rtasida jahon chempionati qayerda o‘tadi?
Amerika Qo‘shma Shtatlari futbol bo‘yicha klublar o‘rtasidagi 2023 yilgi jahon chempionatini o‘tkazishga da’vogarlar safiga kiritildi. Ushbu qarorga FIFA ayni masalada Abu-Dabi amirligi va Xitoy bilan kelishuvga erisha olmagach kelgan. Bu haqda insidethegames.biz sayti ma’lum qildi.
Xalqaro futbol federatsiyalari uyushmasi mazkur chempionat o‘tkazilishi borasida hali rasmiy axborot e’lon qilmagan. Norasmiy manbalarga ko‘ra, kelgusi yil 6 fevralda boshlanadigan mazkur nufuzli turnirda, an’anaga binoan, har bir qit’a konfederatsiyasidan amaldagi chempion ishtirok etadi.

Yana bir e’tiborli holat: AQSH Kanada va Meksika bilan birga 2026 yilgi jahon chempionatini ham tashkil etadi.
FIFA prezidenti Janni Infantino mundialning Amerika qit’asiga qaytishi "chinakam globallashish” sari qo‘yilajak muhim qadam ekaniga umid bildirgan.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA