Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Kubogi: bugun yana ikki chorak finalchi aniqlanadi
Bugun, 15-sentabr kuni O‘zbekiston Kubogi nimchorak final bosqichi davom ettiriladi. Kun dasturidan ikkita uchrashuv o‘rin olgan: 18:30 da “Bunyodkor” — “Lokomotiv”, 19:00 da esa “Andijon” — “Olimpik Mobiuz” bahslari boshlanadi.
“Bunyodkor” — “Lokomotiv” | 18:30
“Bunyodkor” Kubokning guruh bosqichini deyarli ideal tarzda o‘tkazdi. Toshkentliklar “Ye” guruhidagi barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozonib, 9 ochko va 8:1 to‘plar nisbati bilan birinchi o‘rinni egalladi. “Qaldirg‘ochlar” “TerDU”ni 2:1, “Qizilqum”ni 2:0 va “Jayxun”ni 4:0 hisobida mag‘lub etgan.
“Lokomotiv”ning nimchorak finalgacha bo‘lgan yo‘li esa ancha murakkab kechdi. “Temiryo‘lchilar” “V” guruhida dastlab “Lochin”ga 0:1 hisobida yutqazdi, keyin “Dinamo” bilan 2:2 o‘ynadi va hal qiluvchi uchrashuvda “G‘azalkent”ni 5:1 hisobida mag‘lub etdi. Natijada “Lokomotiv” 4 ochko bilan guruhda ikkinchi o‘rinni egallab, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Bu juftlikda yana bir qiziq jihat bor: jamoalar 26-avgust kuni Superligada ham to‘qnash kelgan va o‘shanda “Lokomotiv” “Bunyodkor”ni 4:1 hisobida mag‘lub etgan. Shu bois bugungi bahs “Bunyodkor” uchun o‘sha og‘ir mag‘lubiyatga javob qaytarish imkoniyati ham bo‘ladi.
“Andijon” — “Olimpik Mobiuz” | 19:00
Ikkinchi uchrashuv Andijondagi “Sog‘lom Avlod” stadionida bo‘lib o‘tadi. “Andijon” guruh bosqichida mag‘lubiyat nimaligini bilmadi. “N” guruhida “Sho‘rtan” 3:1, “Havokand” 8:1 hisobida mag‘lub etildi, “Nasaf” bilan esa 1:1 hisobida durang qayd etildi. Andijonliklar 7 ochko va 12:3 to‘plar nisbati bilan guruhni birinchi o‘rinda yakunladi.
“Olimpik Mobiuz” esa “C” guruhidan ikkinchi o‘rin bilan chiqdi. Toshkentliklar “Respublika FA”ni 1:0 va “Mash’al”ni 3:1 hisobida mag‘lub etdi, guruh g‘olibi “So‘g‘diyona”ga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Yakunda jamoa 6 ochko jamg‘arib, “So‘g‘diyona”dan keyingi o‘rinni egalladi.
Qog‘ozda “Andijon” favorit ko‘rinadi: jamoa guruh bosqichida kuchli natija qayd etdi va bugun o‘z maydonida o‘ynaydi. Ammo “Olimpik Mobiuz” ham Kubokda uch uchrashuvning ikkitasini yutgan va endi bir o‘yindan iborat pley-offda sensatsiya yaratishga urinadi.
Shunday qilib, bugun “Bunyodkor”, “Lokomotiv”, “Andijon” va “Olimpik Mobiuz”dan ikkitasi chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Avvalroq “Guliston”, “Neftchi”, “So‘g‘diyona” va “Navbahor” nimchorak finaldagi g‘alabalari orqali keyingi bosqichga yo‘l olgan.
O‘zbek va jahon sportiga oid eng so‘nggi yangiliklar: @Uzasport