FOTOGALEREYA: Surxondaryo — qadimiy zaminning yangi taraqqiyot qiyofasi
Mustaqilligimizning 35 yilligi oldidan
«Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot
va kelajak yaratamiz!»
Surxondaryo — qadim sivilizatsiyalar izi saqlangan, tabiati betakror, mehnatkash va bag‘rikeng insonlari bilan O‘zbekistonning o‘ziga xos janubiy hududi. Bu zamin asrlar davomida Sharq va G‘arbni bog‘lagan muhim madaniy va savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan. Bugun esa qadim tarix va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unlashgan Surxondaryo yangi qiyofa kasb etmoqda.
So‘nggi yillarda vohaning shahar va tumanlarida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Yangi turar joylar, zamonaviy ijtimoiy ob’ektlar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, yo‘llar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari barpo etildi. Ayniqsa, yangi massivlar va obod mahallalardagi o‘zgarishlar hududning bugungi qiyofasida yaqqol namoyon.
Surxondaryoning eng katta salohiyati — bilimli, tashabbuskor va intilishdan to‘xtamaydigan insonlardir. Shu bois ta’lim, ilm-fan va yoshlar masalasiga qaratilgan e’tibor alohida ahamiyat kasb etadi. Yangi maktablar qurilishi, mavjud ta’lim muassasalarining ta’mirlanishi, maktabgacha ta’lim imkoniyatlarining kengayishi yosh avlod uchun yanada qulay bilim olish muhitini yaratdi. Bugun vohada zamonaviy bilim va kasblarni egallayotgan, yangi g‘oyalar bilan maydonga chiqayotgan yoshlar safining tobora kengayib borayotgani quvonarlidir.
[gallery-31094]
Inson salomatligini asrash va aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasidagi yangilanishlar ham e’tibor markazida. Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, zamonaviy tibbiy xizmat turlarini kengaytirish uchun imkoniyatlar yaratildi. Sport sohasidagi ishlar esa, ayniqsa, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va sportga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda.
Vohaning iqtisodiy hayotida ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Ilgari asosan agrar yo‘nalishi bilan tanilgan hududda bugun sanoat, tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish tarmoqlari tobora kengayib bormoqda. Yangi korxonalar ishga tushirilib, mavjud quvvatlar modernizatsiya qilinmoqda. Investitsiya loyihalari va tadbirkorlik tashabbuslarining qo‘llab-quvvatlanishi natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Surxondaryoning sanoat salohiyatida qurilish materiallari, oziq-ovqat, tayyor metall buyumlar, mebel va boshqa ishlab chiqarish yo‘nalishlari alohida o‘rin tutadi. Bugun vohada zamonaviy korxonalarda raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlanib, ichki bozor bilan birga eksport geografiyasi ham kengaymoqda.
Qishloq xo‘jaligi esa Surxondaryo hayoti va iqtisodiyotining muhim tayanchlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Serquyosh iqlim, unumdor yerlar va mirishkor dehqonlar mehnati tufayli vohada paxta, g‘alla, sabzavot, poliz, bog‘dorchilik va uzumchilik kabi yo‘nalishlar rivojlangan. Zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirishga qaratilgan ishlar tarmoqning imkoniyatlarini yanada oshirmoqda.
Surxondaryoning sayyohlik salohiyati esa uning tarixiy va tabiiy boyliklarida mujassam. Qadimiy Termiz zamini, arxeologik yodgorliklar, buddaviylik davriga oid noyob obidalar, Boysunning betakror tabiati va tog‘li hududlar vohani sayyohlar uchun jozibador maskanga aylantiradi. Turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini tashkil etish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan ishlar bu imkoniyatlarni yanada kengaytirmoqda. Boysun hududidagi tabiiy va etnomadaniy muhit, shuningdek, yangi «Turizm qishlog‘i» maqomini olgan Nilu kabi maskanlar vohaning sayyohlik manzarasini boyitmoqda.
Mazkur fotogalereyada Surxondaryoning bugungi hayoti turli manzaralar orqali namoyon bo‘ladi. Qurilish va bunyodkorlik maydonlari, yangi ta’lim va tibbiyot muassasalari, sport maskanlari, sanoat korxonalari, qishloq xo‘jaligi dalalari, tadbirkorlik sub’ektlari va tarixiy qadamjolar — bularning barchasi bir maqsad atrofida birlashadi: inson uchun munosib sharoit yaratish, hudud salohiyatini ro‘yobga chiqarish va farovon hayotni ta’minlash.
Suratlarda aks etgan insonlar — Surxondaryoning bugungi qiyofasini yaratayotgan asosiy kuch. Qurilish maydonida mehnat qilayotgan bunyodkor, zamonaviy korxonada faoliyat yuritayotgan ishchi, dalasida hosil yetishtirayotgan dehqon, yosh avlodga ta’lim berayotgan ustoz, inson salomatligi uchun xizmat qilayotgan shifokor, sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlar va o‘z mehnati bilan oilasi farovonligini ta’minlayotgan tadbirkor qiyofasida vohaning bugungi ruhi aks etadi.
Qadim tarix va boy madaniy merosga tayangan Surxondaryo bugun yangi imkoniyatlar sari intilmoqda. Taraqqiyotning yangi bosqichida vohaning tabiiy va iqtisodiy salohiyati, inson kapitali, tadbirkorlik tashabbusi va bunyodkorlik ruhi bir maqsad — yangi hayot va munosib kelajak barpo etish yo‘lida uyg‘unlashmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA