Finalga ilk bor Surxondaryo mezbonlik qildi
Asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichi ilk bor Surxondaryoda o‘tkazilgani barcha vohadoshlarimiz qatorida biz pedagoglarni ham benihoya quvontirdi. Bu bejiz emas, albatta...
Bugun zamon shiddat bilan rivojlanmoqda. Bunday sharoitda hayotimizni ilm-ma’rifat va ta’limning taraqqiyotisiz tasavvur etish qiyin. Hozir qay bir sohani olmang, uning rivoji uchun eng avvalo, ta’lim tizimi rivojlangan bo‘lishi kerak. Zero, inson kapitaliga, uning iqtidoriga e’tibor qaratmay turib, natijaga erishib bo‘lmaydi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, yoshlarning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilgani zamirida ana shu maqsadlar mujassam.
Davlat rahbarining ta’lim sohasiga alohida e’tibori, ta’bir joiz bo‘lsa, g‘amxo‘rligi, shuningdek, hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar natijasida o‘tgan qisqa davrda maktabgacha ta’lim, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi katta o‘zgarishlarga yuz tutdi. Ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” degan shior asosida maktab ta’limini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi.

Sir emas, bundan olti-yetti yil avval maktab ta’limi inqiroz yoqasiga kelib qolgandi. Ta’lim muassasalarida yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun sharoitlar yetishmasdi ham. Sinf xonalar qishda sovuq, yozda issiq bo‘lardi. Ayrim maktablarimizda hattoki, sport zallari ham mavjud emasdi. O‘qituvchilarning qadr-qimmati, hurmati pasayib ketdi. Bunday sharoitda ulg‘aygan o‘g‘il-qizlar shunga mos holatda ta’limning keyingi bosqichiga yo‘l olardi. Termiz davlat universiteti rus va qardosh fakulteti o‘qituvchisi bo‘lganim uchun ham bularga o‘zim guvoh bo‘ldim. Zo‘rma-zo‘raki darsga kelardi talabalar, darslarni o‘zlashtirishlari ham haminqadar edi. Bunday sharoitda ishlash katta qiyinchiliklar tug‘dirardi...
Yaqinda umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasidagi o‘tkaziladigan asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichiga ilk bor Surxondaryo viloyati mezbonlik qildi. Ikki kun davom etgan olimpiadada tojik tili, geografiya, tarix va informatika fanlari bo‘yicha jami 154 nafar 11-sinf o‘quvchilari bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. O‘tkazilgan sinovlar natijasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar uchun Termiz shahrida tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi. G‘oliblarga pul mukofotlari va oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball beriladigan imtiyoz sertifikatlari, shuningdek, viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi. Asosiy fan olimpiadasi ishtirokchilari uchun viloyatimizdagi tarixiy va diqqatga sazovor joylarga sayohatlar ham tashkil etildi.
Vaholanki, bunday yirik tadbirlar ilgari faqat poytaxtda o‘tkazib kelinardi. Yurtimizning barcha hududlaridan kelgan iqtidor egalarining vohamizda jam bo‘lishgani, shubhasiz, hududimiz yoshlarini ruhlantirdi, ilm olishga rag‘batlantirdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, bu ta’limning keyingi bosqichi — Oliy ta’limga mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi.
Muxtasar aytganda, talim tizimini rivojlantirishga qaratilgan bunday sa’y-harakatlar islohotlarning mantiqiy davomidir.
Dilrabo SHODIEVA,
Termiz davlat universiteti o‘qituvchisi