Fidoyilar taqdirlandi
FOTOREPORTAJ
Namangan shahridagi «Ma’rifat markazi»da mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda madaniyat va san’at, ommaviy axborot vositalari, madaniy meros hamda turizm sohalarida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh xodimlar “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi. Mukofotlarni o‘z egalariga Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari B.Nuritdinov tantanali ravishda topshirdi.
[gallery-31136]
Marosimda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan soha vakillarining milliy madaniyat va san’atni rivojlantirish, boy tarixiy-madaniy merosimizni asrab-avaylash va targ‘ib etish, hududning turistik salohiyatini keng namoyon qilish, shuningdek, jamoatchilikka xolis va tezkor axborot yetkazishdagi samarali mehnati alohida e’tirof etildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni munosib rag‘batlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Taqdirlanganlar o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, yurtimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirish va sohalar rivoji yo‘lida bor bilim hamda salohiyatini safarbar etishlarini ta’kidladi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA