O‘zbekiston OTMlarida 50 dan ortiq davlatdan kelgan talabalar tahsil olmoqda
O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi nafaqat mahalliy yoshlar, balki dunyoning turli mamlakatlaridan kelayotgan talabalar uchun ham jozibali ta’lim maydoniga aylanib bormoqda.
Xorijlik talabalar sonining ortishi mamlakat oliy ta’limining xalqaro maydondagi jozibadorligi va ta’lim xizmatlariga bo‘lgan qiziqish oshib borayotganidan darak.
Hozirda O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlarida 50 dan ortiq davlatdan 24 ming 647 nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda.
Ularning eng katta qismini Hindiston fuqarolari tashkil etadi - 13 ming 60 nafar. Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston — 4 884 nafar, Pokiston — 1 165 nafar va Qozog‘iston — 1 129 nafar bilan qayd etilgan.
Qayd etilishicha, хорижликларнинг qariyb 67 foizi tibbiyotni tanlagan. Ushbu sohada 16 ming 476 nafar xorijlik talaba tahsil olmoqda. Bu umumiy xorijiy talabalar kontingentining qariyb 67 foizi demak.
Bu raqamlar O‘zbekistonda tibbiy ta’limga xorijdan bo‘lgan talab yuqori ekanini ko‘rsatadi. Ayniqsa, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari xorijlik yoshlar uchun asosiy ta’lim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Umuman, xorijlik talabalar geografiyasining kengayib borayotgani O‘zbekiston oliy ta’limi xalqaro ta’lim makonida o‘z o‘rnini mustahkamlayotganidan dalolat beradi. Bugun mamlakat oliygohlarida turli davlatlardan kelgan yoshlar bir auditoriyada ta’lim olib, nafaqat bilim, balki turli madaniyat va tajribalar bilan ham almashmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA