Fazilat Prezident sovg‘asiga ega bo‘ldi
Ma’lumki, bugun mamlakatimizda kitob o‘qish va mutolaa madaniyatini yuksaltirish bevosita davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
“Yosh kitobxon” tanlovi 2025-yilgi mavsumining murosasiz final bosqichi bo‘lib o‘tgan edi. Shunga ko‘ra, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan qahramonlarga “Prezident sovg‘asi” — “BYD Chazor” elektromobillari tantanali ravishda topshirildi. Har bir g‘olib bo‘lgan yosh va uning ota-onalari qalbida quvonch, chehrasida mamnuniyat balqidi.

–Qizim Fazilat 20–30 yosh toifasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi, –dedi Surxondaryo viloyati Uzun tumanida ko‘p yillar o‘qituvchilik qilgan Mamasaid Diyorov. – Qizim yillar davomida mazkur musobaqada qatnashib kelar edi. Mana bugun mehnatlari evaziga yuqori natijaga erishdi. Farzandimning g‘olib bo‘lganini eshitib, o‘zim yutuqqa erishganday to‘lqinlanib ketdim. Ayniqsa, yurtboshimiz g‘oliblar bilan shaxsan ko‘rishib, yuksak e’tirof etganidan g‘ururlanib, ko‘zimga yosh keldi. Yurtimizda o‘qigan, intilgan yosh borki, barcha yutuqlarga erishib kelmoqda. “Yosh kitobxon” kabi musobaqalar esa yoshlarning kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda.
G.Boboyeva, O‘zA