Farmondan kelib chiquvchi vazifalar belgilab olindi
Shu yil 23-sentabr kuni Prezidentimizning «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalar rolini kuchaytirish va hududlarning yashillik darajasini oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, unda bir qator dolzarb vazifalar belgilandi. O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan mazkur farmonning ijrosi yuzasidan vazifalarni belgilab olishga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, mahallalarda yashil hududlarni kengaytirish va belgilangan vazifalarni samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, farmonga muvofiq, 1-oktabrdan respublikada «Tozalik va ozodalik» dolzarb ikki oyligi o‘tkaziladi. 2027-yil 1-yanvardan esa «Yashil mahalla» loyihasi doirasida «Mahallani yashillashtirish» paketi, shuningdek, «Yashil lot» tizimi joriy etiladi.
Hududlarni ko‘kalamzorlashtirishda «3-30-300» tamoyilini qo‘llash ham ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, har bir inson yashash, ishlash yoki o‘qish joyidan kamida uchta daraxtni ko‘rishi, hududning kamida 30 foizi daraxtlar soyasi bilan qoplanishi va uydan 300 metr masofada yashil dam olish hududi bo‘lishi nazarda tutiladi.
Yig‘ilishda farmon ijrosini joylarda ta’minlash maqsadida partiya vakillari, deputatlar va faol a’zolardan iborat ishchi guruhlar shakllantirildi. Shuningdek, amalga oshiriladigan ishlarni bosqichma-bosqich tashkil etish, hududlardagi jarayonlarni o‘rganish va tahlil qilish, aniqlangan muammolar yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi.
M.Komilova,
O‘zA