Farmatsevtika: inson salomatligi, iste’molchi ishonchi va qonun ustuvorligi
Dori vositasi oddiy iste’mol mahsuloti emas. U inson salomatligi, ba’zan esa hayoti bilan bevosita bog‘liq. Shu bois mazkur bozorda narxlarning asossiz oshirilishi nafaqat iqtisodiy qonunbuzarlik, balki ijtimoiy mas’uliyatning buzilishi sifatida ham baholanadi.
Shunday ekan, bu borada qanday ishlar amalga oshirilyapti? Farmatsevtika sohasida narxlarning shaffofligini ta’minlash, aholiga dori vositalarining iqtisodiy jihatdan maqbul narxlarda yetib borishini kafolatlash bo‘yicha qanday amaliy choralar ko‘rilmoqda? Bu haqda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash va farminspeksiya boshqarmasi boshlig‘i Doniyorbek Mansurbekov batafsil quyidagilarni ma’lum qildi:

– Prezidentimiz tomonidan farmatsevtika sohasida narxlarning shaffofligini ta’minlash, aholiga dori vositalarining iqtisodiy jihatdan maqbul narxlarda yetib borishini kafolatlash bo‘yicha qator tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri — dori vositalariga belgilangan cheklangan savdo ustamalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash.
Bugungi kunda davlat organlari o‘rtasidagi raqamli integratsiya farmatsevtika bozoridagi qonunbuzarliklarni tezkor aniqlash imkonini yaratmoqda.
Xususan, Soliq organlari tomonidan aniqlangan dori vositalariga belgilangan savdo ustamalarining oshirib qo‘llanilishi holatlari avtomatik tarzda Raqobat qo‘mitasining "Fair Tech" yagona axborot tizimiga yuboriladi. Ushbu mexanizm inson omilini kamaytirish, nazoratning shaffofligini oshirish hamda barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan yagona yondashuvni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
2025-2026-yillar hisobot davrida "Fair Tech" tizimi orqali kelib tushgan ma’lumotlar asosida olib borilgan nazorat tadbirlari natijasida 991 ta dorixonada, shundan 152 ta ulgurji va 839 ta chakana savdo sub’ektida, jami 414 305 ta holatda dori vositalariga belgilangan savdo ustamalari oshirib qo‘llanilgani aniqlandi.
Natijada 8,5 milliard so‘m miqdorida asossiz daromad olingani qayd etilib, iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi hamda fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Bu raqamlar ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan qonunchilik talablariga rioya etilmayotganini ko‘rsatsa-da, ikkinchi tomondan davlat nazoratining samarali ishlayotganini ham yaqqol namoyon etadi.
Ko‘pchilik narxni oshirib sotish faqat iqtisodiy huquqbuzarlik deb o‘ylaydi.
Aslida esa farmatsevtika faoliyati litsenziyalanadigan faoliyat turi bo‘lib, mazkur sohada faoliyat yuritayotgan har bir tadbirkor litsenziya talablari va shartlariga qat’iy amal qilishi shart.
Dori vositalariga belgilangan cheklangan savdo ustamalariga rioya qilmaslik ana shu majburiyatlarning buzilishi hisoblanadi. Shu sababli Raqobat qo‘mitasi tomonidan aniqlangan bunday holatlar Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga belgilangan tartibda yuboriladi.
Markaz mutaxassislari har bir holatni alohida o‘rganadi, retsept bilan beriladigan dori vositasini referent narxdan yuqori sotganligi litsenziya talab va shartini qo‘pol buzishga kiradi va Markaz o‘z vakolati doirasida dorixonaning litsenziyasini bekor qilish yuzasidan sudga murojaat qiladi hamda qonunchilikda nazarda tutilgan choralarni qo‘llaydi.
Farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya davlatning tadbirkorga bildirgan ishonchidir. Bu ishonchni oqlash esa tadbirkordan qonunchilikka rioya qilishni, iste’molchi manfaatlarini ustuvor qo‘yishni va halol faoliyat yuritishni talab qiladi.
Afsuski, ayrim tadbirkorlik sub’ektlari qisqa muddatli iqtisodiy manfaatni ko‘zlab, ushbu tamoyillarni buzmoqda. 2025–2026-yillar davomida narxlarni sun’iy oshirgani aniqlangan ayrim dorixonalarning litsenziyalari bekor qilingani bu boradagi davlat siyosati qat’iy ekanini ko‘rsatadi.
Xususan, "FARM EFFEKT" MCHJ, "PHARMA BREND" MCHJ, "GIPOFIZ FARM" MCHJ, "MAXSUDBEK BIZNES" XK, "THE GREAT FARM" MCHJ hamda "MEDEX GROUP PHARM" MCHJning farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyalari dori vositalari narxlarini belgilangan tartibni buzgan holda oshirgani sababli bekor qilindi.
Bu qarorlar boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun ham muhim ogohlantirish vazifasini o‘taydi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi faoliyatida jazolashdan ko‘ra profilaktikaga alohida e’tibor qaratiladi. Dorixona tashkilotlari bilan muntazam tushuntirish ishlari olib borilmoqda, litsenziya talablari yuzasidan seminarlar tashkil etilmoqda, amaldagi qonunchilikdagi o‘zgarishlar tadbirkorlarga o‘z vaqtida yetkazilmoqda.
Biroq ogohlantirishlarga qaramay qonun buzilishi davom etsa, qonunchilikda belgilangan ta’sir choralari muqarrar ravishda qo‘llaniladi.
Bugungi kunda farmatsevtika bozorining asosiy qismi qonunchilikka rioya qilayotgan, mas’uliyatli va halol tadbirkorlardan iborat. Davlatning maqsadi tadbirkorlikni cheklash emas, aksincha, qonunga rioya qilayotgan sub’ektlar uchun teng va adolatli raqobat muhitini yaratishdir.
Narxlarni sun’iy oshirish orqali noqonuniy ustunlikka erishishga urinayotgan ayrim sub’ektlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi aynan halol tadbirkorlarning manfaatlarini ham himoya qiladi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi farmatsevtika bozorida qonun ustuvorligini ta’minlash, litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda aholining dori vositalaridan foydalanishdagi qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarni izchil davom ettiradi.
Har bir dorixona va ulgurji savdo tashkiloti shuni unutmasligi kerakki, dori vositalari narxining qonunchilikda belgilangan tartibda shakllanishi nafaqat huquqiy majburiyat, balki jamiyat oldidagi mas’uliyat hamdir.
Inson salomatligi, iste’molchi ishonchi va qonun ustuvorligi farmatsevtika tizimining eng muhim qadriyatlari bo‘lib qolaveradi.
Mohigul Qosimova, O‘zA