Test sinovlari muvoffaqiyali o‘tkazildi
Jizzax viloyatida “Jasorat maktablari”ga qabulning muhim bosqichi — test sinovlari muvaffaqiyatli tashkil etildi. Ikki sektorda o‘tkazilgan imtihonlarda 1 ming 252 nafar nomzod o‘z bilim va salohiyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
2026/2027-o‘quv yili uchun “Jasorat maktablari”ga qabul jarayonlarining asosiy bosqichlaridan biri hisoblangan test sinovlari Jizzax viloyatida yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazildi. Imtihonlar nomzodlarning bilim va tayyorgarligini xolis baholash, qabul jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash tamoyillari asosida tashkil etildi.
Viloyatda test sinovlari Jizzax olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sport majmuasining ikki sektorida tashkil qilindi. Ularning biri Sharof Rashidov tumanidagi Oqtosh ota mahalla fuqarolar yig‘ini, Yangi O‘zbekiston massivida, ikkinchisi esa Jizzax shahrining «Sayiljoyi» mahalla fuqarolar yig‘ini, Istiqlol ko‘chasidagi 12-uy manzilida joylashgan binoda o‘tkazildi.
[gallery-30212]
Imtihon jarayonlari uchun jami 54 ta guruh shakllantirildi. Test sinovlarini o‘tkazish maqsadida 1 ming 620 ta o‘rin hozirlandi. Hujjatlari qabul qilingan 1 ming 252 nafar nomzod ana shu yaratilgan shart-sharoitlarda o‘z bilim va salohiyatini namoyon etish imkoniga ega bo‘ldi.
Shundan birinchi sektorda 28 ta guruh uchun 840 ta o‘rin ajratildi va 840 nafar nomzod test sinovida ishtirok etdi. Ikkinchi sektorda esa 26 ta guruh tashkil qilinib, 780 ta o‘rin tayyorlandi. Bu yerda 412 nafar talabgor imtihon topshirdi.
Test jarayonlari davomida tashkiliy ishlar belgilangan tartib asosida amalga oshirildi. Nomzodlarni ro‘yxatga olish, auditoriyalarga joylashtirish, test materiallarini tarqatish hamda jarayonni nazorat qilish ishlari belgilangan talablar asosida tashkil etildi.
Mas’ullar qayd etganidek, imtihonlar ochiqlik, xolislik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilingan holda o‘tkazildi. Bu esa har bir nomzodning bilim va qobiliyatini adolatli baholash, qabul jarayonining ishonchli va tizimli tashkil etilishini ta’minlashga xizmat qildi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari