Shifokor va olimlarning ilg‘or g‘oya hamda takliflarini jamlaydigan yangi platforma yaratiladi
Bu haqda Toshkent davlat tibbiyot universitetida Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov sohaning yetakchi amaliyotchi shifokorlari va olimlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Ushbu ochiq muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad sohaning tajribali mutaxassislari va ilmiy salohiyat egalarining bilim va tajribasidan tibbiyot tizimini yanada rivojlantirish yo‘lida samarali foydalanishdan iboratdir, deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.
Tadbir davomida tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida erishilgan natijalar haqida so‘z yuritildi. Xususan, birlamchi tibbiy yordamning yangi milliy modeli joriy etildi, sohani raqamlashtirish yo‘nalishida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, oila shifokori va hamshiralik institutini yanada mustahkamlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Shunga qaramay, tizimda hali o‘z yechimini kutayotgan qator muammolar mavjud. Yig‘ilganlar ularni bartaraf etish yo‘llari, sog‘liqni saqlash sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan strategik yondashuvlar yuzasidan fikr almashdi.
Shuningdek, tibbiyotni rivojlantirishga qaratilgan strategiyalarni samarali amalga oshirishda ko‘p yillik tajribaga ega amaliyotchi shifokorlar va ilm-fan vakillarining bilim, salohiyat hamda imkoniyatlaridan samarali foydalanish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Buning uchun tajribali shifokor va olimlarning ilg‘or g‘oya hamda fikrlarini jamlaydigan platformani yaratish taklif etildi. U orqali amaliyotchi mutaxassislar hamda olimlar sohani rivojlantirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarini elektron tarzda taqdim etishlari mumkin. Keyinchalik ular tahlil qilinib, vazirlik rahbariyatiga yetkaziladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA