Farg‘onaliklar dehqonchilik qilish uchun AQSHga boradi
"Head Honchos LLC" kompaniyasi AQSHning qishloq xo‘jaligi, fermer xo‘jaliklari, landshaft xizmatlari va boshqa mavsumiy sohalari uchun xorijiy ishchilarni tanlash, ish beruvchilar bilan muvofiqlashtirish hamda H-2A va H-2B mehnat vizalarini rasmiylashtirish yo‘nalishida katta tajribaga ega.
Bugun Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov AQSHning "Head Honchos LLC" kompaniyasi prezidenti Todd Millerni qabul qildi.
Uchrashuvda Farg‘ona viloyatidan AQSHga qishloq xo‘jaligi sohasida qonuniy, xavfsiz va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasini yo‘lga qo‘yish, mavsumiy ish o‘rinlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Farg‘onalik dehqonlarning Amerika dalalarida ishlashi uchun mehnat migratsiyasini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish, nomzodlarni saralash, ularni til va kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish, AQSH ish beruvchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda fuqarolarni qonuniy mehnat faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish lozim edi.

– Bu masalalar avvalo hamkorlikda, qolaversa, asosan biz tomondan bajariladi, – dedi taklif qiluvchi kompaniya rahbari. Shuningdek, Todd Miller Farg‘ona viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilayotgan natijalarni yuqori baholab, hududning agrar salohiyati AQSHning mavsumiy mehnat bozori ehtiyojlarini ta’minlashda muhim o‘rin tutishi mumkinligini ta’kidladi.
Tez kunlarda Amerikadan “Farg‘ona bog‘i” yoki “Farg‘ona fermer xo‘jaligi” tashkil topgani haqida xabarlar kelsa ajablanmang. Bugun uning poydevori yaratildi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA muxbiri