Farg‘onada yoshlar tashabbuslari va yutuqlari namoyish etildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan Yoshlar oyligi doirasida o‘tkazilayotgan “Yoshlar tashabbuslari marafoni” tadbirlari davom etmoqda.
Farg‘ona shahrida joylashgan Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi istirohat bog‘ida tashkil etilgan navbatdagi tadbirda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzod Polvonov, yoshlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, ularning tashabbuslari, innovatsion g‘oyalari, amalga oshirayotgan loyihalari va erishgan yutuqlari bilan yaqindan tanishildi. Unda Farg‘ona viloyatida “Yosh tinchlikparvarlarning chegaraoldi hamkorlik tashabbusi” mavzusida o‘tkazilayotgan xalqaro seminar doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ham ishtirok etdi.
Xalqaro tashkilot vakili yoshlarning turli yo‘nalishlardagi loyihalari va ishlanmalari bilan tanishib, ularning tashabbuslarini yuqori baholadi.
Istirohat bog‘i hududida kitobxonlik, tadbirkorlik va bandlik, sun’iy intellekt, startaplar hamda boshqa sohalarga bag‘ishlangan pavilonlar tashkil etildi. Ularda yoshlar o‘z loyihalari, ijodiy ishlanmalari va istiqbolli g‘oyalarini keng jamoatchilikka taqdim etdi.
Tadbirlar davomida yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ijodiy fikrlashini rag‘batlantirish, innovatsion g‘oya va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-30064]
Shuningdek, mutaxassislar ishtirokidagi uchrashuv va ochiq muloqotlarda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, kelgusidagi rejalarini amalga oshirish yuzasidan zarur tavsiyalar bilan ta’minlandi.
Tadbirlar yakunida faol yoshlar, turli tanlov va loyihalar g‘oliblari munosib taqdirlandi.
Shu kuni Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr va konsert saroyi ochiq maydonida Yoshlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan iqtidorli yoshlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yoshlarning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi va o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun mustahkam zamin yaratayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, O‘zbekistonning yoshlarga oid siyosati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda, bu boradagi tajriba xorijiy davlatlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Shuningdek, Farg‘onada o‘tkazilayotgan “Yosh tinchlikparvarlarning chegaraoldi hamkorlik tashabbusi” mavzusidagi xalqaro seminarning ahamiyatiga to‘xtalib, mazkur muloqot maydoni yoshlar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Tantanali tadbirda Farg‘ona zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar merosi haqida ham so‘z yuritilib, yoshlar ana shu ulug‘ ajdodlarga munosib voris bo‘lishga chaqirildi.
Shu bilan birga, iqtidorli va faol yoshlarning yutuqlari e’tirof etildi. Jumladan, Dilafro‘z Sobirovaning Harvard University oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingani, Dilafro‘z Jo‘raboyevaning esa “Microsoft” kompaniyasining O‘zbekistondagi ilk ambassadori sifatidagi faoliyati alohida ta’kidlandi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA