Farg‘onada mahalla yoshlari voleybol bo‘yicha bahslashmoqda
Farg‘ona shahridagi ko‘p tarmoqli “Samo” sport majmuasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning voleybol turi bo‘yicha Respublika bosqichi boshlandi.
Unda yurtimizning barcha hududlaridan 519 nafar ishtirokchi uchta yosh toifasida g‘oliblik uchun bahs olib borishmoqda.

Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov final bosqichining ochilishida ishtirok etdi. Vazir sport musobaqalarida ishtirok etayotgan yoshlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, ishtirokchilar bilan samimiy suhbat o‘tkazildi.

Ayni kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab “Besh tashabbus olimpiadasi”ning yakuniy Respublika bosqichi ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda. Musobaqa ishtirokchilari bilan muloqot chog‘ida vazir bu jihatga alohida e’tibor qaratib, musobaqada g‘oliblarni aniqlash shaffof tarzda amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Xususan, kuni kecha Toshkent viloyatida stol tennisi bo‘yicha o‘tkazilgan Respublika final bosqichida Namangan, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatining chekka mahallalaridan kelgan yoshlar g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. Endi ushbu g‘olib sportchilarning mahallalariga sport maydonchalari qurib beriladi.
M.Sulaymonov, O‘zA