Yosh bojxonachilarga ishonch va e’tibor
Jizzax viloyat bojxona boshqarmasida yosh xodimlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ularning xizmatdagi faolligini qo‘llab-quvvatlash va kelgusi faoliyati uchun mustahkam poydevor yaratishga qaratilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda zamonaviy bojxona xizmati uchun bilimli, tashabbuskor va mas’uliyatni chuqur his etadigan kadrlar zarurligi alohida ta’kidlandi. Jizzax viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i Farxod Artikov yosh xodimlarning kasbiy rivojlanishi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ustoz-shogird an’analarini yanada mustahkamlash va har bir xodimning o‘z ustida muntazam ishlashi bugungi talablardan ekanini qayd etdi.
Darhaqiqat, bojxona xizmatida natija, avvalo, kadrning bilimi, tajribasi va mas’uliyati bilan belgilanadi. Ayniqsa, tashqi iqtisodiy faoliyat ko‘lami kengayib, bojxona ma’muriyatchiligida raqamli texnologiyalar va zamonaviy boshqaruv usullari tobora keng qo‘llanilayotgan bugungi sharoitda yosh mutaxassislarning salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bu borada davlat siyosatida ham aniq vazifalar belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi “Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida bojxona xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish, tizim samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va sohada yangi yondashuvlarni kengaytirishga qaratilgan vazifalar belgilab berilgan. Farmonda, jumladan, bojxona organlari faoliyatini raqamlashtirish, startap loyihalar va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish nazarda tutilgan.

Bunday keng ko‘lamli vazifalarni amaliyotga samarali tatbiq etish esa, shubhasiz, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshiradi. Shu ma’noda, Jizzax viloyat bojxona boshqarmasida yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilayotgani, ularning fikr va takliflari tinglanayotgani sohada inson omiliga, ayniqsa, yosh mutaxassislar salohiyatiga katta e’tibor qaratilayotganidan dalolatdir.
Uchrashuvda xizmat vazifalarini vijdonan va sidqidildan bajarib kelayotgan, kasbiy mahorati, xizmat intizomi hamda faoliyatidagi yuqori natijalari bilan ajralib turgan bir guruh xodimlar munosib rag‘batlantirildi. Bojxona qo‘mitasi raisining tegishli buyruqlariga asosan bir qator xodimlarga belgilangan navbatdagi maxsus unvonlarning tantanali ravishda topshirilgani tadbirga alohida ruh bag‘ishladi.

Zero, xizmatdagi mehnatning e’tirof etilishi shunchaki mukofot emas. U xodimga bildirilgan ishonch, zimmasidagi mas’uliyatni yanada chuqur his etishga undaydigan ma’naviy tayanchdir. Ayniqsa, yosh xodim uchun bunday e’tirof o‘z ustida yanada ko‘proq ishlash, bilim va malakasini oshirish, jamoa ishiga munosib hissa qo‘shishga kuch bag‘ishlaydi.
Tadbirda rahbariyat vakillari maxsus unvonlarga sazovor bo‘lgan xodimlarni samimiy muborakbod etib, ularga kelgusidagi mas’uliyatli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, mustahkam sog‘liq va yuksak zafarlar tiladi. Ta’kidlanganidek, bojxona organlarida yaratilayotgan rag‘batlantirish tizimi xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish, xizmatga sadoqatini mustahkamlash va Vatan ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilishga xizmat qiladi.

Uchrashuvning yana bir muhim jihati, muloqotning bir tomonlama emas, ochiq va samimiy ruhda kechganidir. Shaxsiy tarkib vakillarining fikr va takliflari tinglanib, yosh xodimlarning kasbiy rivojlanishi hamda xizmat faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri