Farg‘ona va Namangan viloyatlarida narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Farg‘ona tumani Log‘on MFYdagi xonadonlardan biri tegishli tartibda ko‘zdan kechirildi.
Natijada, ushbu manzilda 2000 y.t. fuqaroga tegishli 993 gr “gashish” va 212 gr “Alfa-PVP” narkotik moddalari, shuningdek, 2728 dona “Regapen” va 458 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.


Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa “Toshkent-Namangan” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Spark” rusumli avtotransport vositasi Chust tumani hududida to‘xtatilib tekshirildi.


Natijada, unda ketayotgan Namangan shahrida yashovchi, 1992 y.t. shaxs va Davlatobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1997 y.t. fuqarodan 1 kg 127 gr “opiy” moddasi olindi.
Har ikki holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlarga duch kelsangiz ДХХнинг 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.