Farg‘ona shahri bog‘cha bolalarining kasallanishi haqida
Farg‘ona shahridagi 2-sonli, 7-sonli va 47-sonli MTT tarbiyalanuvchilari tana haroratining ko‘tarilishi, qorin sohasida og‘riq, holsizlik, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi shikoyatlar bilan Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oziq - ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasining rasmiy bayonotida aytilishicha, dastlabki epidemiologik surishtiruvlar uchun MTTlarda bolalar iste’mol qilgan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar o‘rganildi. Jumladan, nonushta, tushlik, kechki tamaddida iste’mol qilgan mahsulotlari, ushbu mahsulotlarni yetkazib beruvchilar aniqlangan.
Oziq-ovqat mahsulotlari hamda tayyor taomlardan bakteriologik tekshiruvlar uchun namunalar olingan.
Ayni vaqtda epidemiologik surishtiruv va laboratoriya tekshiruvlari davom etmoqda. Prokuratura idorasi mazkur holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atgan va surishtiruv olib bormoqda.
– 2026-yil 26-oktabr soat 16:00 holatiga 22 nafar bola yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Bemorlarning umumiy ahvoli barqaror, og‘ir ahvoldagi bemorlar mavjud emas. Davolash uchun zarur bo‘lgan barcha dori-darmonlar mavjud, – dedi Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh vrachi Sultonali Boyyigitov. – Murojaat qilgan 29 nafar bolaning umumiy ahvoli qoniqarli deb baholanganligi sababli ularga tegishli tibbiy tavsiyalar berilib, uy sharoitida davolanish uchun ruxsat etilgan.
Muhammadjon Obidov, O‘zA