Anorzor bog‘laridan qahramonlik e’tirofigacha (+video)
Masturaxon Sayfutdinova. Bu ism uzoq saksoninchi yillardayoq mashhur bo‘lgan. U Quvada tashkil etilgan anorchilik xo‘jaligining yosh bog‘bonlaridan biri edi.
Atrofiga tengqurlarini jamlab o‘zlashmagan qir-adirlarda yangi bog‘lar barpo etdi. Keyin yangi navlar yaratdi. Quvaning “Tuya tishi”, “Shirindona” anorlari o‘shandayoq mamlakatga mashhur bo‘ldi.
Oradan yillar o‘tdi, ammo hozir ham o‘sha g‘ayrati ichiga sig‘mas Masturaxon uchun anorzor bog‘lar go‘yo uning ikkinchi uyi.
Yaqinda BMTning oziq ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti tomonidan “Agro oziq - ovqat tizimlari va qishloqlarni rivojlantirishdagi 100 nafar Qahramon ayol” ro‘yxati e’lon qilindi. Ular orasida o‘zbekistonlik Masturaxon Sayfutdinova ham bor. Biz anorchilikda maktab yaratgan bog‘bon bilan uchrashdik va sohadagi yutuq hamda muammolar haqida suhbatlashdik.
– Bolaligimdan anorzor bog‘da katta bo‘lganman, – deydi Masturaxon Sayfutdinova. – Hovlimizda 30 sotixlik anorzor bog‘ bo‘lar edi. U juda serhosil bo‘lib, olingan daromadga bir yil uy qurdik, kelgusi yil to‘y qildik, yana bir yili otam mashina sotib olgan. Maktabni tugatganimda Quvada anorchilik davlat xo‘jaligi tashkil etildi. Ochig‘i, o‘shanda meni shu xo‘jalikda ishlashimga onam qarshi bo‘lganlar. Lekin qat’iyatimni ko‘rgach, ushbu kasbni tanlabsan, unga umrbod sodiq bo‘l va hech qachon anorga xiyonat qilma deb duo qildi. O‘sha yili Quvada qirq qizdan iborat anorchilar brigadasi tashkil etildi. Biz Quvaning qir- adirlaridan ajratib berilgan yerni o‘zlashtirdik. Suv chiqardik. Anor ko‘chatlarini keltirdik. Hech esimdan chiqmaydi, 1979-yil 6-aprel kuni dastlabki ko‘chatni davlat rahbari Sharof ota Rashidov shaxsan o‘zlari ekib bergan edi. 1980-yilda esa “Qirq qiz anorchilar brigadasi”ga boshchi qilib sayladim. Shundan buyon anor bog‘lari ikkinchi uyimga aylangan. Hozir tasarrufimda 1000 gektardan ortiq anorzor bor. Undan tashqari tumanimizda yana 2000 gektarga yaqin anorzor bor.

Prezidentimiz davlat rahbari bo‘lganlaridan keyin Quvaga tashrif buyurib, anorzorlarimiz bilan tanishdi. O‘shanda men bilan ham uzoq suhbatlashgan edi. Shunda ularga so‘nggi 10-15 yilda anorchilik sohasiga e’tibor susayib qolganini aytdim.
Prezident mening nazarimda ikkita muhim ishni amalga oshirdi: birinchidan, Farg‘ona davlat universitetida anorchilik kafedrasini ochib berdi va bundan buyon sohani fanga, ilmga tayanib rivojlantirish zarurligini topshirdi. Ikkinchidan, yangi anorzorlar tashkil qilish, jumladan, Surxondaryoning Sherobod va Muzrobod tumanlarida eksportbop anor navlarini yaratib, ekish vazifasini qo‘ydi. Hozirgacha u yerda 5000 gektar yangi anorzor yaratdik. Bu nafaqat soha rivojini ta’minladi, balki minglab yangi ish o‘rinlarini ham yaratdi.
Anorchilikda qadrlanadigan yo‘nalishlardan biri yangi navlar yaratishdir. Bugun dunyoda 500 dan ortiq navli anor yetishtiriladi. O‘zbekistonda esa ularning 36 tasi mavjud. Ular Farg‘ona, Andijon, Namangan, Surxondaryo, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida ekilmoqda. Anorchilik ilmga asoslangach, hozirgacha 10 ga yaqin yoshlar olimlik martabasiga erishdi. Masalan, Sayimov Xusniddin anor urug‘idan olingan moy asosida jigar xastaligi uchun davo bo‘ladigan dori-darmon yaratdi. Yangi navlar haqida gapirsak, “Tuya tishi”, “Qayum”, “Oq po‘stloq” kabi navlarni chatishtirib, bizning xo‘jaligimiz o‘zida serhosil va sersuv yangi nav yaratdik.
Anor turgan - bitgani koni foyda. Misol uchun, mevasidan sharbat olinadi, urug‘idan moy, po‘stlog‘idan rang, gulidan esa dori-darmon ishlab chiqariladi. Bu ishlar, ya’ni sanoat usulida qayta ishlashning barcha jarayonlari amalda qo‘llanmoqda. Holbuki, yaqin- yaqinda ham anorni butun holatda sotar edik xolos.

Umringdan bir nafas qolsa ham o‘qi, o‘rgan deganlaridek anor yetishtiruvchi mamlakatlardagi hamkasblarimiz bilan o‘zaro tajriba almashib turamiz. Yaqinda ozarbayjonlik bog‘bonlar Surxondaryoga kelishdi. Ular anor konsentratini iste’mol shaklida chiqarishni tavsiya etdi. Sherobodda bo‘lgan anorchilikka bag‘ishlangan xalqaro anjumanda yetti mamlakatning mirishkorlari ishtirok etdi.
“Sanjarbek Sulton” fermer xo‘jaligi anorzorlarini ko‘zdan kechirishdi. 2023-yildagi anomal sovuqda shikastlangan bog‘lar ham har gektaridan 15 tonnadan oshirib hosil berayotganini, ko‘chatlar 5-7 yoshga yetganda esa hosildorlik 30 tonnaga yetishi mumkinligini ko‘rib, o‘zbek bog‘boni tajribasini o‘rgandi. Bunday natijalar anorchilik O‘zbekistonning brendiga aylanish uchun asos bo‘la oladi.
Birlashgan millatlar tashkiloti meni dunyoning 100 ta qahramon ayollar safiga kiritgani aslida davlatimiz rahbarining mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasidagi, jumladan, anorchilikni rivojlantirish yo‘lidagi islohotlar e’tirof deb qabul qilinishi lozim. Bu mukofot qishloq xo‘jaligida mehnat qilayotgan o‘zbek ayollarining fidoiy mehnatiga berilgan baho deb qabul qilaman. Men Prezidentim bilan uchrashuvda umrimning so‘nggi nafasigacha, tanamda kuchim bor ekan, O‘zbekiston anorchiligini dunyoga mashhur qilaman deb va’da bergan edim. BMT e’tirofi ana shu maqsad yo‘lidagi navbatdagi qadamdir.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA