Farg‘ona – Minsk: farmatsevtikada kooperatsiya
O‘zbekiston – Belarus iqtisodiy hamkorlik borasida yangi qo‘shma va xorijiy korxonalar tashkil etmoqda. O‘zaro tovar aylanmasi o‘sib boryapti. Bunda, ayniqsa, hududlarning to‘g‘ridan - to‘g‘ri munosabatlarini yo‘lga qo‘yish samara bermoqda. Bugun Farg‘ona viloyati Belarusning Minsk, Gomel viloyatlari bilan o‘zaro kooperatsiyada mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etdi. Belarusga Farg‘onaliklarning navbatdagi safari ham shu maqsadni ko‘zlagan.
Belarus Respublikasiga borgan Farg‘ona viloyati delegatsiyasi «Belmedpreparati» davlat farmatsevtika korxonasida bo‘ldi.
«Belmedpreparati» Belarus farmatsevtika sanoatining yetakchi korxonalaridan biri bo‘lib, 95 yildan ortiq ishlab chiqarish tajribasiga ega. Korxona insulin, ferment va biogen preparatlar, shuningdek, onkologik kasalliklar hamda silni davolashda qo‘llaniladigan dori vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Korxona tarkibida 11 ta texnologik va 6 ta yordamchi sex mavjud bo‘lib, ishlab chiqarish maydonlari 20 gektardan ortiq hududni egallaydi. Barcha ishlab chiqarish uchastkalari xalqaro GMP standartlari talablariga muvofiq sertifikatlangan.
Ayni paytda korxonada 300 ga yaqin turdagi dori vositalari ishlab chiqariladi. Mahsulotlarning 60 foizga yaqini ichki bozorda sotilsa, qolgan 40 foizga yaqini dunyoning 20 dan ortiq mamlakatiga eksport qilinadi. Shuningdek, har yili 5-8 turdagi yangi dori vositalarini ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari Islom Madaminov O‘zbekistonning Belarus Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Nuriddin Mamajonov ishtirokida Belarus Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Boris Androsyuk, «Belfarmprom» farmatsevtika xoldingi bosh direktori Yuriy Poxodnya va «Belmedpreparati» korxonasi bosh direktori Aleksandr Jadan bilan uchrashdi. Unda farmatsevtika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalar va tajribalarni o‘rganish, Farg‘ona viloyatida dori vositalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA